Rossiyaning Rostov viloyatida yashovchi 72 yoshli ayol harbiylar haqida yolg‘on xabarlar tarqatganlikda ayblanib qamaldi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.
Shaxtinsk shahar sudi Yevgeniya Mayboroda ism sharifli 72 yoshli ayolni “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida ulashgan ikkita post uchun besh yarim yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Ayol siyosiy nafrat va ommaviy tarzda ekstremizmga chaqiriqlar bilan Rossiya armiyasi haqida soxta ma’lumotlar tarqatishda aybdor deb topilgan.
Mayboroda ijtimoiy tarmoqda ulashgan postlarning birida Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni haqida ma’lumotlar bo‘lgan. Ikkinchisida u urush tezroq tugashini va Ukraina tezroq oyoqqa turishini xohlashini yozgan.
Ayol aybiga qisman iqror bo‘lgan. Biroq ayblovning siyosiy xarakterda bo‘lganiga e’tiroz bildirgan. U xatti-harakatini Ukrainadagi akasi Rossiya tomonidan otilgan snaryad tufayli halok bo‘lgani bilan izohlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol oxirgi postini 2023-yil 8-mart kuni yozgan. 22-mart kuni ayolni avvaliga uch sutka, so‘ng to‘rt sutkaga qamashgan. 40 ming rubl jarimaga tortishgan.
Oradan bir oy o‘tgach, 2023-yil 28-aprel kuni ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qamoqqa olingan. Davlat qoralovchisi keksa ayolga 6 yil qamoq jazosi so‘ragan. Sud uni 5 yarim yilga ozodlikdan mahrum etgan.
Izoh (0)