Qirg‘izistonda deputat Marlen Mamataliyev pedofillarga faqat umrbod qamoq jazosini berishni taklif qildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Deputat qonun loyihasini Jo‘qorg‘i Keneshning Konstitutsiyaviy qonunchilik, hukumat tuzilmasi, sud-huquq masalalari va normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha parlament qo‘mitasida taqdim etdi. Xalq deputatiga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun 15 yil yoki umrbod qamoq jazosi nazarda tutilgan. U 15 yillik jazoni bekor qilishni taklif qilmoqda.
“60 yoshdan oshgan erkaklar umrbod qamoq jazosiga tortilmaydi. Biz ushbu qoidani ham olib tashlashni taklif qilamiz. Davlat hisobidan turmada saqlansa ham bu jinoyatchilar bizning yerimizda yurishga haqqi yo‘q! Ular qamoqda chirishi kerak!”, – dedi Marlen Mamataliyev.
Uning hamkasbi Gulya Kojokulova qonun loyihasiga qarshi chiqdi. Parlamentariyning so‘zlariga ko‘ra, u zo‘rlaganlarni himoya qilmaydi, lekin har bir holat alohida ko‘rib chiqilishi kerak, shuning uchun qonunlarda muqobil variant ko‘zda tutilgan. U hammani bir xil jazolab bo‘lmasligini aytdi. Loyihaga Bosh prokuratura ham qarshi chiqdi.
Muhokama yakunida qo‘mita a’zolari ko‘pchilik ovoz bilan qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qulladi.
Izoh (0)