Suriyada jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgan andijonlik erkak 2016-yildan buyon qidirilmoqda. Bu haqda Andijon viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Qodiraliyev Islomiddin 1992-yilda Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ilgan. U 2014-yil iyun oyida Rossiyaning Yekaterinburg shahriga mavsumiy ishlash maqsadida borib, xalqaro terroristik tashkilot rahnamolarining ta’siriga tushgan va yashirin jamoatlarda ishtirok etgan.
2015-yillarning boshlarida u yerdan Turkiya orqali Suriyaga o‘tgan va jangovar harakatlarda qatnashgan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida fuqaroga nisbatan 2016-yilda Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorchilik harakatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish), 159-moddasi (O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) hamda 244-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.
Izoh (0)