Fransiyada pul yuvishda gumonlanib hibsga olingan rossiyalik milliarder, Alfa Group asoschisi Aleksey Kuzmichev sakkiz million yevro garov evaziga ozod etildi. Bu haqda mamlakat moliya prokuraturasiga tayanib, Le Monde nashri xabar berdi.
Rossiyalik milliarderga nisbatan soliqlardan bo‘yin tovlash va pul yuvish ayblari qo‘yilgan. Kuzmichev sud nazorati ostiga olindi va unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlandi.
Kuzmichevning hibsga olingani haqida 30-oktyabr kuni ma’lum bo‘lgandi. Ish yuzasidan tergov doirasida tadbirkorning Parijdagi uyi va Sen-Tropedagi villasida tintuvlar o‘tkazildi.
2022-yilning mart oyida Aleksey Kuzmichev Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostiga tushgan. Cheklovlar tadbirkorning YIga kirishini taqiqlaydi, biroq Le Monde nashriga ko‘ra, u sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan vaqtda allaqachon Fransiyada bo‘lgan. Sanksiya to‘g‘risidagi qaror kuchga kirganidan so‘ng, Kuzmichev Alfa Bank direktorlar kengashidan iste’foga chiqdi, unda milliarder aksiyalarning 16 foiziga egalik qilardi.
Izoh (0)