Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlaridan tuzilgan maxsus guruh tomonidan tojik kavragi o‘sadigan hududlarda muntazam ravishda kunduzgi va tungi reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida o‘rmon xo‘jaligining “Fayzova” bo‘limi 6-aylanma 7-kvartalining “Archabuloq” massivi hududida tabiiiy holda o‘sadigan kovrak o‘simligiga ko‘p miqdorda zarar yetgazilgani aniqlangan.
O‘rganishlar natijasida o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashishi oqibatida hududdagi 611 tup O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob turdagi tojik kavragi o‘simligini noqonuniy ravishda kesib olingan.
Mazkur holat yuzasidan tegishlicha, birlamchi hujjatlar tayyorlanib, tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda tojik kavragi o‘simligining noqonuniy kesilishi oqibatida 5,7 milliard so‘m zarar yetkazilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)