O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan “Direktorlar uchun maktablarni rivojlantirish dasturi” tashkil etilgan bo‘lib, g‘oliblar Angliyaning Portsmut universitetida malaka oshirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Uch bosqichli tanlovda g‘olib bo‘lgan 28 nafar direktorni Angliyaning Portsmut shahriga 2 hafta davomida malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan.
Toshkent shahridagi 5-maktabda mazkur dasturning so‘nggi bosqichi sifatida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Trening Buyuk Britaniyaning Portsmut universiteti Taʼlim, tillar va lingvistika bo‘limi boshlig‘i, professor Stiven Korbett tomonidan o‘tkazildi.
“Toshkentda O‘zbekistondagi maktab direktorlari: oddiy, ixtisoslashtirilgan va prezident maktablari direktorlari bilan ishlayapman.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikdagi yangi rivojlanish dasturimiz direktorlarga sifatni oshirishga yordam beradigan yangi g‘oyalarni ishlab chiqishga mo‘ljallangan. Ularning maktablarida taʼlim sifatini oshirishga, o‘z xodimlariga, o‘quvchilariga va ular xizmat qiladigan jamoalarga foyda keltiradi”, — dedi professor Stiven Korbett.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘zbekistonlik maktab direktorlari trening doirasida 2 kun Angliyadagi maktablarda direktor sifatida amaliyot o‘taydi.
Izoh (0)