Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi uch nafar isteʼmolchi 1,67 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 7-sentabr kuni “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda elektr taʼminoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Xususan:
- Toshkent tumanidagi “Z.N.Sh.X.” fermer xo‘jaligi tomonidan o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanishi natijasida davlat manfaatlariga 1,5 milliard so‘m (3,36 million kVt/soat);
- Olmazor tumanida joylashgan “M.P.S.” MCHJning elektr qurilmalari ulanish sxemalari amaldagi qoidalarga zid ravishda ulangani natijasida davlat manfaatlariga 104,17 million (231,5 ming kVt/soat) so‘m;
- Shayxontohur tumani Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan “G.S.R.” MCHJning elektr qurilmalari ulanish sxemalari amaldagi qoidalarga zid ravishda ulangani natijasida davlat manfaatlariga 53,4 million so‘m (118,8 ming kVt/soat), jami 1 milliard 673 million so‘m zarar yetkazilgan.
Ushbu hajmdagi elektr energiyasi qariyb 18 ming 547 ta xonadonning bir oylik isteʼmoliga tengdir.
Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.
O‘zbekistonda 2023-yilning 6 oyida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish tufayli 78,5 milliard so‘m, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish sababli esa 231 milliard 866 million so‘m zarar ko‘rilgan. Bundan oldin Buxoro shahrida faoliyat yuritib kelayotgan korxona elektr hisoblagichga tashqi taʼsir ko‘rsatishi natijasida tizimga 2 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mamlakatda avgust oyida elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish natijasida tizimga 46 milliard 229 million so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.