Energetika vazirligi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Qaror loyihasi aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda taʼminlash, aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatilishini qo‘shimcha rag‘batlantirish hamda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish maqsadida ishlab chiqilgan.
Hujjat loyihasi bilan yoqilg‘i-energetika resurslarining 2023-yil 1-oktabrdan kuchga kiradigan narxlari tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 1-oktabrdan boshlab:
- tabiiy gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish tariflarini hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflarini;
- elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz iste’molchilaridan va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan pul mablag‘larini taqsimlash tartibini;
- temiryo‘l transportida yuk va yo‘lovchilarni tashish xizmatlari va boshqa tariflarni qayta ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va oqova suv xizmatlariga, shahar yo‘lovchilar tashish transportida (bundan yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar mustasno) yo‘lovchilar tashish xizmatlariga yangi tariflarni belgilash tavsiya etiladi.
Bunda, issiqlik ta’minoti xizmatlarining aholi uchun belgilanadigan narxlari joriy kuz-qish mavsumida oshirilmasligi belgilanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur bandda belgilangan tariflarni qayta ko‘rib chiqishda narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish choralarini ko‘radi.
Qaror loyihasida belgilanishicha, isteʼmolchilarning 1- va 2-guruh toifasi uchun elektr energiyasi 1 kvt/soat uchun 1 000 so‘mgacha (NKMK, OTMK, O‘zbekiston metallurgiya zavodi, budjet tashkilotlari), qolgan biznes va yuridik shaxslar uchun kvt/soatiga 900 so‘mgacha oshirilmoqda. Tabiiy gaz tariflari esa NKMK, OTMK, “O‘zbekiston metallurgiya zavodi” va budjet tashkilotlari uchun bir kubiga 1 800 so‘mgacha, boshqa tashkilotlarga kubiga 1 500 so‘mgacha miqdorda belgilanmoqda.
Yoqilg‘i-energetika resurslarining 2023 yil 1-oktabrdan kuchga kiradigan yangi narxlari

Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish komissiyasi ikki hafta muddatda neft-gaz va energetika sohasini rivojlantirish, yoqilg‘i-energetika resurslarini yetkazib berish sifatini yaxshilash va ularning narxlarini takomillashtirishga oid mavzularni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish bo‘yicha media-rejani tasdiqlaydi.
Narxni bozor tamoyillariga o‘tkazmasdan elektr energiyasidagi muammolarni hal qilish imkonsiz
Elektr va gaz narxlari bosqichma-bosqich erkinlashtiriladi. So‘nggi marta O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yilning avgust oyida o‘zgargan edi. Birinchi bosqichda narx o‘zgarishi yuridik shaxslarga, tadbirkorlarga va yirik korxonalarga ta’sir qiladi. Aholi uchun tariflar o’zgarishsiz qolmoqda.
Jahon banki va xalqaro mutaxassislar O‘zbekiston energetika sohasi islohotlarga muhtojligini bir necha bor ta’kidlagan edilar. Shu bilan birga, davlat tomonidan elektr energiyasi va gaz sohasidagi subsidiyalar to‘xtatilib, narxlar bozor tamoyillariga o‘tkazilmas ekan, modernizatsiya bo‘lmaydi, uzilishlar esa davom etaveradi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekistonning energetika tarmog‘idagi narx siyosati kambag‘allar yanada kambag‘alroq, boylar esa yanada boyroq bo‘lishiga olib kelishini ta’kidlagan edi. U Energetika kompaniyalariga bozorga xos bo‘lmagan narxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan subsidiyalarni boyalarni rag‘batlantirayotganini aytgan. Bundan tashqari, tariflarning pastligi sabab energetika kompaniyalari milliardlab zarar ko‘rmoqda.
2022-yilda “Daryo”ga intervyu bergan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ullari “Narxlarni o‘zgartirishni taqozo qilayotgan asosiy sabab elektr energiya ishlab chiqarish, tabiiy gaz qazib chiqarish korxonalari va yetkazib berish tarmoqlarining eskirgani bilan bog‘liq”ligini aytgandi.
Izoh (0)