Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun loyihasi maʼqullandi. Hujjat Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Qonun bilan qonuniy nikohsiz oila qurish, milliy, irqiy, etnik va diniy adovat qo‘zg‘atuvchi materiallarni tarqatganlik va yuzni jamoat joylarida to‘sib yurganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Deputatlar “Daryo” nashriga bergan intervyularida mazkur qonunda ko‘zda tutilgan masalalarni tahlil qilishdi.
Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchalar
Amaldagi Jinoyat kodeksining 156-moddasida milliy, etnik, irqiy va diniy adovat qo‘zg‘atuvchi materiallarni tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Deputat Jahongir Shirinovning aytishicha, mazkur moddaning 1-qismiga qo‘shimcha kiritilmoqda.
“Moddaning mazkur qismida milliy, etnik, irqiy va diniy adovatlarni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik uchun sanksiyaning (jazoning) yuqori miqdorini emas, quyi miqdorini oshirish nazarda tutilmoqda. Misol uchun, kodeksning 156-moddasi 1-qismi sanksiyasi BHMning 600 baravari miqdori baravarigacha bo‘lsa, u miqdor qoladi. Quyi miqdor 300 baravaridan 600 baravarigacha deb belgilanyapti.
Ushbu sanksiya doirasida axloq tuzatish ishlariga jalb qilish 3 yilgacha deb belgilangan bo‘lsa, hozir ham 3 yilgacha qoladi. Lekin 2 yildan 3 yilgacha deb qo‘shimcha qo‘shiladi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yilgacha belgilangan bo‘lsa, endilikda 1 yildan 3 yilgacha deb belgilanadi”, — dedi quyi palata qo‘mitasi raisi.
156-moddaga yana bir qo‘shimcha
Jahongir Shirinov Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismiga ham qo‘shimcha qo‘shilayotganini taʼkidladi.
“Kodeksning ushbu qismida milliy, irqiy, etnik va diniy nifoqni keltirib chiqarish maqsadida fuqarolarni kamsitish, ularning his-tuyg‘ularini haqoratlash yoki milliy, etnik, diniy mansubligiga qarab fuqarolarning huquqini cheklash yoki ularga muayyan afzalliklar berganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Lekin mazkur dispozitsiya bu sohadagi barcha harakatlarni qamrab olmagan. Masalan, milliy, irqiy, etnik va diniy mansubligiga qarab fuqarolarning ustunligi yoki ularning nuqsonli ekanini nazarda tutmaydi. Bu esa mazkur harakatlarni amaliyotda huquqiy malakalash uchun muayyan qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.
Misol uchun, ayrim ijtimoiy tarmoqlar faollari o‘zlarining ichki qarashlaridan kelib chiqib, “o‘ranmagan ayollar harom” degan tushunchani targ‘ib qilishi, yoki ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari faqat musulmon yoki musulmon bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatishi, yoki o‘ranmagan ayolga chegirmalar belgilash kabi notenglikni targ‘ib etish holatlari kuzatilgan. Bu o‘z navbatida aholi o‘rtasida norozilik keltirib chiqaradi va millatlararo totuvlikka putur yetkazadi. Shuning uchun ham endilikda 156- moddaning 2-qismidagi sanksiya, yaʼni jazoning quyi miqdorini oshirish nazarda tutilmoqda”, — dedi deputat.
Jamoat joyida yuzini to‘sib yurganlar jarimaga tortiladimi?
Deputat Muhammadjon Valiyev mazkur qonun loyihasida nazarda tutilgan yana bir normani tahlil qildi. Yaʼni Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi norma qo‘shilmoqda.
“Kodeksga jamoat joylarida shaxsni identifikatsiya qilishga to‘sqinlik qiladigan darajada yuzini to‘sishi unga nisbatan maʼmuriy jazo qo‘llanishini nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda. Bundan maqsad fuqarolarda o‘zining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarida ko‘rsatib o‘tilgan yuzini boshqa bir qiyofaga kiritishi va buning natijasida turli jinoyatlarni sodir etish holatlari kuzatilgan va bunday holatlarning oldini olish uchun mazkur norma kiritilyapti. Yangi normaga ko‘ra, agar shaxs identifikatsiya talabalarni buzsa, unga nisbatan BHMning 10 baravardan 15 baravarigacha jarima jazosini qo‘llash taklif etildi”, — dedi u.
Deputatning qo‘shimcha qilishicha, yuzni to‘sib yurish bo‘yicha bir necha istisno holatlar mavjud.
“Tibbiy maʼlumotnoma asosida biror kasallik sabab yuzini to‘sishga majburiyat bo‘lsa, unga ruxsat beriladi. Mehnat faoliyati taqozosi bilan yuzini to‘sishga to‘g‘ri kelsa, bu ham istisnodir. Transportda harakatlanayotganda yo‘l-harakat qoidalariga rioya qilish asosida xavfsizlik nuqtayi nazaridan shlemlardan foydalanish holatlari uchun ham jarima qo‘llanilmaydi.
Shu bilan birga, maxsus bosh kiyim talab qiladigan sport turlari bilan shug‘ullanishda yoki ko‘ngilochar tadbirlarda tomoshabinlar oldiga chiqish holatlari ham istisno sifatida keltirilgan. Bu qonun bir necha davlatlar, xususan, Fransiya, Avstriya va qo‘shni mamlakatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan”, — dedi Muhammadjon Valiyev.
Qonuniy nikoh masalasi
Qonun loyihasi asosida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Deputat Shahnoza Xolmuhammatova mazkur norma qanday maqsadda kiritilayotgani haqida gapirdi.
“Keyingi paytlarda respublikamizda qonunda belgilangan tartibda nikohi bo‘lmagan holda diniy rasm-rusumlar orqali tuzilgan nikohlar soni ko‘payib ketdi. Buni ortidan jamiyatda ko‘pxotinlilik oshib ketdi. Eng yomoni, mana shu qonuniy nikohi bo‘lmagan oilalarda tug‘ilayotgan farzandlar soni ko‘paymoqda. Bu o‘z-o‘zidan ijtimoiy muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Fuqarolarimiz diniy nikoh tuzgunlaricha qonunga murojaat qilishmaydi. Qonunda qanday majburiyatlar borligini anglashmaydi.
Lekin faqatgina diniy rasm-rusumlar orqali tuzilgan nikoh muvaffaqiyatsiz bo‘lsagina, nikohdan keyingi holatlarda, ayniqsa, meros, aliment, otalikni belgilash masalalarida qonunga murojaat qilishga majbur bo‘lishadi. Mana shu jarayonda qonuniy bo‘lmagan, faqatgina diniy rasm-rusumlar orqali tuzilgan nikohlar huquqiy ahamiyatga emasligi ayon bo‘lib qoladi. Mazkur holatda ko‘plab ayollar, qonuniy nikohi bo‘lmagan oilalarda tug‘ilayotgan farzandlar katta muammolarga duch kelyapti. Shuning uchun ham ayollar va bolalar haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mana shu norma kiritilyapti”, — dedi deputat.
Shahnoza Xolmuhammatovaning taʼkidlashicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda mazkur masala yuzasidan bir qator davlatlar tajribasi o‘rganilgan.
“Bu norma tashabbuskorlari Turkiya, Indoneziya, Hindistondagi qonuniy nikohi bo‘lmagan shaxslarga nikoh tuzishga doir diniy rasm-rusumlarni o‘tkazish taqiqlangani bo‘yicha tajribani taqdim etishgan. O‘zimiz ham bu masalani o‘rganib chiqdik. Biz dunyoviy davlatda yashayapmiz. Bizning haq-huquqlarimizni qonunlar himoya qiladi. Albatta, insonning qalbi va vijdoni, diniy erkinligi mavjud. Lekin faqatgina mana shu jihatdan dinning o‘ziga yod qilib olayotgan, faqatgina to‘rtta xotingacha mumkin, degan jihatiga eʼtibor qilayotgan, ammo nikoh, ayoli, farzandlarining haq-huquqlarini himoya qilish muqaddasligini, otalik, erlik vazifasini muqaddas burch deb bilishni unutib qo‘yayotgan shaxslar bor. Shuning uchun adolat, tenglik bo‘lsa, hech qayerda bolalar va yollar haq-huquqlari poymol bo‘lmasa, shu ezgu ish bo‘ladi deb o‘ylayman. Ayol o‘zi tabiatan ojiza qilib yaratilgan. Uni haq-huquqini poymol qilishni, qiyinchilikka duchor qilishni bizni dinimiz ham, boshqa hech bir din ham yoqlamaydi”, — dedi deputat.
Izoh (1)
Ayolarga imtiyoz ko'p erkaklargachi? noqonuniy nikoxga munosabat