Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antoniu Guterrish global isish nihoyasiga yetgani, ammo uning o‘rnini “global qaynash” egallaganini aytdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Guterrishning qayd etishicha, olimlar 2023-yil iyulni rekord darajadagi eng issiq oy deb atamoqda.
“Iqlim o‘zgarishi allaqachon mavjud. Bu dahshatli va bu boshlanishi. Hali ham global haroratning oshishini Selsiy bo‘yicha 1,5 darajagacha cheklash va eng yomonidan qochish mumkin”, — dedi Guterrish.
Avvalroq u global isishga qarshi kurash atrofidagi vaziyat nazoratdan chiqib ketayotgani va jahon hamjamiyati sekin-asta falokat tomon ketayotganini aytgandi.
Norasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 29-iyundan 6-iyulgacha dunyoda havo harorati issiqlik bo‘yicha rekord o‘rnatgan. Guterrish jahon hamjamiyatini iqlim inqirozi oqibatlarini yumshatish uchun chora ko‘rishga chaqirgan.
Sentabr oyida Nyu-Yorkda BMTning iqlim ambitsiyalari bo‘yicha sammiti bo‘lib o‘tadi.
“Eng yomon holatga tushmaslik uchun rivojlangan davlatlar 2040-yilgacha yoki undan oldinroq, rivojlanayotgan mamlakatlar esa 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishishi kerak”, — dedi Guterrish.
Izoh (0)