Rossiya harbiylari Donetsk viloyatining Konstantinovka shahrini “Smerch” yoppasiga o‘t ochuvchi reaktiv tizimlardan kassetali bombalar bilan o‘qqa tutdi. Bu haqda Donetsk viloyati ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko ma’lum qildi.
Konstantinovka shahar maʼmuriyati maʼlumotlariga ko‘ra, 10 yoshli bolakay halok bo‘lgan, yetti kishi, jumladan, to‘rt nafar bola jarohatlangan, deb xabar berdi Ukrainaning “Suspilne” telekanali. Jarohatlangan bolalar orasida ikki opa-singil bor, ulardan birining ahvoli og‘ir, deyiladi prokuratura xabarida.
Donetsk viloyati prokuraturasi matbuot kotibi Anastasiya Medvedevaning aytishicha, otishma vaqtida Konstantinovka aholisi mahalliy suv omborlaridan biridagi dam olish maskanida bo‘lgan.
Human Rights Watch huquq faollari aytganidek, Ukrainadagi jangovar harakatlar paytida kassetali o‘qlardan Rossiya harbiylari ham, ukrainaliklar ham foydalanib kelmoqda. Ko‘plab videolavhalar 2022-yil 24-fevraldan beri Ukrainadagi mojaroning har ikki tomoni Sovet va Rossiyada ishlab chiqarilgan turli kassetali o‘q-dorilardan foydalanganini tasdiqlaydi.
Iyul oyida AQSH Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi, bu paket kassetali bombalarni ham o‘z ichiga oladi. Bunga javoban Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu hozircha Rossiya Ukrainada kassetali o‘q-dorilar ishlatmaganini, biroq Ukraina qo‘shinlari ulardan foydalansa, ular ham foydalanishga tayyorligini ma’lum qildi. Buni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham ta’kidladi.
Izoh (0)