Yaponiyada qattiq yoqilg‘i dvigateliga ega Epsilon S raketasi sinovi paytida portlash sodir bo‘ldi.
Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, portlash Akita prefekturasidagi poligonda Epsilon S kichik raketasining ikkinchi pog‘onasi dvigatelini sinovdan o‘tkazish vaqtida sodir bo‘lgan. Hodisa sinov boshlanganidan taxminan bir daqiqa o‘tib yuz bergan.
Epsilon raketasi
Yaponiyaning qattiq yoqilg'i dvigateliga ega Epsilon raketasi birinchi marta 2013-yilda uchirilgan. Shundan so‘ng, Yaponiya 2016, 2018, 2019 va 2021-yillarda yana beshta muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirgan.
Biroq 2022-yilning oktabr oyida o‘tkazilgan Epsilon-6 sinovi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Raketani Yerdan kelgan signal bilan yo‘q qilishga to‘g‘ri kelgan.
Epsilon S — takomillashtirilgan dizaynga ega yangi model bo‘lib, 2024-yilgacha Epsilon o‘rnini bosishi kerak. Yaponiya kichik raketalardan tijorat maqsadlarida, xususan, orbitaga rivojlanayotgan mamlakatlar sun’iy yo‘ldoshlarini olib chiqishda foydalanishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)