Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Toshkent shahar hokimligi poytaxtning Sergeli tumani “O‘zgarish” mahallasida istiqomat qiluvchi aholi uzluksiz, yoqimsiz hid kelayotganidan shikoyat qilayotgani haqida videolavha tayyorladi.

Foto: “Yuz.uz”

Ma’lum qilinishicha, mahallada muntazam yoqimsiz, badbo‘y hid tarqaladi, kechalari esa u yanada kuchayadi. Aholining aksariyat qismi buni shu hududda joylashgan “Salar” to‘yintirish inshooti faoliyati bilan bog‘lamoqda.

“Shunaqa sasiydiki, bunga chidab bo‘lmaydi. Bu soat oltigacha davom etadi. Ushbu hid pardalarimizga ham o‘tirib qolgan, uyni ichida niqobda o‘tiraman. Atir va boshqa narsalarni sepaman — foydasi yo‘q. Yoz yaqinlashyapti deraza-eshiklarni yopa olmasak… Badbo‘y hid qayerdan kelayotganini bila olmayapmiz. ‘Vodokanal’mi yoki Terini qayta ishlash sexi. Sexning yonidan o‘tsangiz, u yerda ham chidab bo‘lmas hid”, — deydi mahalla fuqarolaridan biri.

Kadr: YouTube / Toshkent shahar hokimligi

“Toshkent shahar suv ta’minoti” bosh muhandisi Abduqodir Alimovning so‘zlariga ko‘ra, ularning inshootida suv ikki, uzog‘i bilan uch soat turib qolishi mumkin, undan keyin chiqib ketadi. Kechasi-yu kunduzi keladigan suvlar bir xil tozalab chiqariladi. Buni o‘chirib-yoqishning imkoni yo‘q.

Abduqodir Alimov

Abduqodir Alimov
Kadr: YouTube / Toshkent shahar hokimligi

“Odamlarda ekonom qilyapti, reagent ishlatmayapti degan fikr bor. Biz zararsizlantirishdan boshqa hech qayerda reagent ishlatmaymiz. Bizda to‘liq biologik tozalash. Panjaralarda mexanik jismlarni ushlaymiz, keyin havo berib biologiyani ishlatamiz, suvni ikkiga ajratamiz va zararsizlantirib chiqaramiz… Kechasi ko‘p korxonalar nasos stansiyasi bilan suvni haydaydi yoki tozalaydi. Mana, parranda fabrikalari, Terini qayta ishlash sexlaridan keladigan ichak-chavoqlar, yunglar, teri qoldiqlarini oqavalarni 24 soat yig‘ib turib, birdan ko‘targandan keyin qanday holat bo‘ladi? O‘z-o‘zidan bugungi kunda guruh bo‘lib o‘rganishlar qilyapmiz. Bu korxonalarni tartibga keltirmasak bo‘lmaydi”, — deydi u.

Mahalla fuqarolaridan yana biri 26 yildan buyon shu hududda yashashi, ammo bu yilgidek hali hech badbo‘y hid chiqmaganini ta’kidlagan. “Badbo‘y hid uyga kirib qolgach, uni hech narsa bilan yo‘qotib bo‘lmaydi. Hatto ‘osvejitel’lar allergiya bervordi”, — deya qayd etadi ayol.

Mutaxassislarning izohiga ko‘ra, yoqimsiz hid taralishining asosiy sababi “Salar” to‘yintirish inshooti hamda Bo‘zsuv kanaliga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqava suvlar va chiqindilar oqizilishidir.

“Bu narsani aynan kechasi bo‘layotgani bo‘yicha bir necha bor reyd uyushtirganmiz. Tabiatni muhofaza qilish xodimlarini ham taklif qilganmiz. Lekin bizning inshootdagi havo deyarli bir xil. Lekin yuqorida aytayotgan korxonalarimizga bizning ham kuchimiz yetmayapti. Tadbirkorga lokal tozalash inshootini qurish, uni ishlatish qimmat turadi. Unda elektr energiya, kimyoviy moddalar ketadi. Bu o‘zimizda chiqmagani uchun valyutada olib kelinadi. Bundan tashqari, ekspluatatsiya, qurilish xarajatlari bo‘lgani uchun hamma tadbirkor bundan qochadi”, — deydi Abduqodir Alimov.

Ta’kidlanishicha, “Bektemir” va “Salar” oqava suv tozalash inshootidagi korxonalarga yuzlab ogohlantirish berilgan. Laboratoriya tahlillari muntazam olib borilib, kompensatsiyalar undirib kelinadi.

“Tadbirkorga qo‘llanilayotgan choralari hali o‘zining amaliy natijalarini bermayapti. SES bilan qilingan murojaatga asosan arzimagan jarimasini to‘lab, ishlashni davom ettiryapti. Misol uchun, tekstil korxonasi yoki Terini qayta ishlash sexini oladigan bo‘lsak, ularning lokal inshootini qurish bir necha ming dollar turadi, har oy ishlatishga katta mablag‘ talab etiladi. Xarajatdan qochgan tadbirkorlarning maqsadi — kechqurun hech kim bilmaganda oqizib yuborish”, — deydi mutaxassis.

Aholning so‘zlariga ko‘ra, Terini qayta ishlash zavodi ichida temir sexi ochilgan bo‘lib, ularning hojatxonasi to‘g‘ridan to‘g‘ri kanalga tushadi. Suv pasayganda ularning trubalari ko‘rinadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mazkur holatga munosabat bildirib, suv tozalash inshooti va uning atrofidagi korxonalar tomonidan atrof tabiiy muhitga yetkazilayotgan zarar atroflicha o‘rganib chiqilishi hamda bunday salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi lozimligini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, bu borada “O‘zsuvta’minot” AJ, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda boshqa aloqador tashkilotlar tomonidan ishchi guruhi tuzilib, o‘rganishlar tashkil etilishi maqsadga muvofiq.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Oʻzbekistonda yashil energetika davri boshlanganiga uch yil boʻldi. Nimalar oʻzgardi?
Mahalliy
Fotoreportaj: Prezident tashrifiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Namangan
Sport
Lionel Messi Krishtianu Ronalduning rekordini yangiladi