Afg‘onistonda “Tolibon” hukumati bilan muloqot o‘rnatishning muqobil yo‘li yo‘q va bu mintaqa manfaatlariga mos keladi, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Tolibon inklyuziv hukumat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaguncha ularni tan olish haqida gapira olmaydi.
Sergey Lavrov Dushanbedagi Rossiya—Tojikiston universitetida so‘zlagan nutqida shu mavzuni ko‘tardi. Bugun, 6-iyun kuni Rossiya TIV rahbari tojikistonlik hamkasbi Sirojiddin Muhriddin va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Muhriddin muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Moskva va Dushanbe Afg‘onistondan kelayotgan tahdidlarni baholashda hamfikr ekanini aytdi.

“Biz Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratgan holda mintaqaviy xavfsizlik muammolarini muhokama qildik. Biz Afg‘onistonning shimoli-sharqiy viloyatlarida turli terrorchilik guruhlari sonining ko‘payishi sababli xavfsizlikka tahdidlarni baholashda hamjihatmiz”, — dedi Tojikiston TIV rahbari.
Universitetda so‘zlagan Sergey Lavrov “Tolibon” bilan ishchi muloqot o‘rnatish “mintaqa xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyoti manfaatlariga, shuningdek, Afg‘oniston ichida milliy murosaga erishish maqsadlariga mos keladi”, dedi.
“Biroq aytilgan shartlar bajarilmaguncha, biz “Tolibon” hukumatini rasman tan olish jarayoni boshlanishi haqida gapira olmaymiz. Aytganimdek, bu majburiyatlar orasida etnik-siyosiy jihatdan muvozanatli hukumatni shakllantirish, terrorizm va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, Afg‘onistonda yashovchi barcha xalqlar, shu jumladan, tojiklar uchun ham asosiy inson huquqlarini ta’minlash kiradi”, — deya qo‘shimcha qildi Rossiya tashqi ishlar vaziri.