Yevropa Ligasi yarim final javob o‘yinlarida “Roma” mehmonda “Bayer” bilan durang o‘yndi, “Sevilya” esa o‘z maydonida “Yuventus”ni mag‘lub etdi.
Italiyaning uch klubi (“Inter”, “Roma”, “Fiorentina”) 1997/98-yilgi mavsumdan beri ilk bor Yevrokuboklar finalida o‘ynaydi. 25 yil avval “Inter” va “Latsio” UEFA Kubogi finaliga yetib kelgan, “Yuventus” esa Chempionlar Ligasi finalida “Real Madrid”ga qarshi o‘ynagan.
“Roma” ketma-ket ikkinchi mavsumda Yevrokuboklar finaliga chiqdi. Rim klubi jamoaga Joze Mourinyo kelgungacha bo‘lgan 94 yillik tarixida ham ikki marta (1983/84 va 1990/91) Yevropa musobaqalari finaliga chiqqandi.
“Roma” “Bayer”ga qarshi javob o‘yinida birorta ham aniq zarba bera olmadi. Rim klubining uchrashuvdagi yagona zarbasi noaniq ketdi. “Bayer” esa 23 marta zarba berdi, ularning oltitasi aniq bo‘ldi.
Joze Mourinyo Yevrokuboklarda oltinchi marta finalga chiqdi. Murabbiy avvalgi beshta finalning hech qaysisida mag‘lub bo‘lmagan.
“Sevilya” 18 yil ichida yettinchi marta Yevropa Ligasi finaliga chiqdi. Jamoa avvalgi oltita finalning barchasida g‘alaba qozongan.
“Yuventus” qatorasiga ikkinchi mavsum sovrinsiz qoladigan bo‘ldi. So‘nggi bor Turin klubi 2009/10 va 2010/11-yilgi mavsumlarni ketma-ket sovrinsiz yakunlagandi.
“Yuventus” futbolchisi Dushan Vlahovich zaxiradan maydonga tushib, 58 soniya ichida gol urdi. Bu Yevropa Ligasi va Chempionlar Ligasi musobaqalari shu nomni olganidan beri zaxiradan tushgan futbolchi tomonidan kiritilgan eng tezkor golga aylandi.
Konferensiyalar Ligasi finaliga chiqqan “Vest Hem” o‘z tarixida uchinchi bor Yevrokuboklar chempionligi uchun kurashadi. Avvalroq London klubi ikki marta Kubok egalari Kubogi finalida o‘ynagan.
Izoh (0)