“Ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi etib qayta tashkil qilinadi.
Milliy antidoping agentligi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi maqomiga ega bo‘lib, o‘z faoliyatida Prezident hamda Vazirlar Mahkamasiga hisobdorligi belgilandi.
Tashkilot O‘zbekistonda Butunjahon antidoping agentligining (WADA) talablari va qoidalari bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi, o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston sportchilari, murabbiylari va boshqa mutaxassislarining huquq va manfaatlarini ifoda etadi hamda himoya qilish choralarini ko‘radi.
Agentlik doping nazorati natijalarini boshqarish tartib-taomillarini belgilaydi, tuzilmasidagi komissiyalar faoliyatini tashkil etish orqali aniqlangan sportda doping qo‘llash holatlari bo‘yicha intizomiy choralar ko‘radi.
Shuningdek, qarorda qayd etilishicha, antidoping nazorati va monitoringi sohalari raqamlashtiriladi:
- Doping-test va doping nazoratini tashkil qilish, sportchilar haqida ma’lumotlarni to‘plash va saqlashga oid sportchining “biologik pasporti” (ABP) onlayn tizimi joriy etiladi;
- Sportchilar uchun antidoping ta’lim elektron platformasi yaratiladi;
- Bosqichma-bosqich Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platformasi joriy etiladi.
Izoh (0)