Futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etadigan Argentina yoshlar jamoasi bosh murabbiyi Xavyer Maskerano musobaqa uchun qaydnomani e’lon qildi.
![](/static/Sport/timnas-argentina-u-20-resmi-gagal-lolos-ke-piala-dunia-u-20-2023-alejandro-garnacho-batal-tampil-di-indonesia-Lis0dBqMlH.jpg)
Unga ko‘ra, yakuniy ro‘yxatdan 21 nafar futbolchi o‘rin oldi. “Manchester Yunayted”da o‘ynayotgan Alexandro Garnacho, “Brayton” futbolchisi Fakundo Buonanotte, “Real Madrid” o‘yinchisi Niko Pas tarkibga jalb etilmagan.
Maskerano kichik Jahon chempionatiga quyidagi futbolchilarni chaqirgan:
Darvozabonlar: Federiko Gomes (“Tigre”), Nikolas Klaa (“Lanus”), Lukas Lavanino (“River Pleyt”);
Himoyachilar: Agustin Jay (“San Lorenso”), Tomas Aviles (“Rasing”), Lautaro di Lollo (“Boka Xuniors”), Valentin Gomes (“Velez”), Roman Vega (“Barselona”), Valentin Barko (“Boka Xuniors”);
Yarim himoyachilar: Mateo Tanlongo (“Sporting”), Ignasio Miramon (“La Plata”), Federiko Redondo (“Argentinos Xuniors”), Maksimo Perrone (“Manchester Siti”), Jino Infantino (“Rosario Sentral”), Valentin Karboni (“Inter”);
Hujumchilar: Matias Sule (“Yuventus”), Luka Romero (“Latsio”), Ignasio Maestro Puch (“Atletiko Tukuman”), Alexo Veliz (“Rosario Sentral”), Xuan Gauto (“Urakan”), Brayan Agirre (“Nyuells Old Boys”).
Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha yigirma yoshlilar o‘rtasidagi Jahon chempionati Argentina maydonlarida 2023-yilning 20-mayidan 11-iyuniga qadar bo‘lib o‘tadi. Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U-20 terma jamoasi A guruhidan o‘rin oldi va musobaqaning ochilish o‘yinida mezbon Argentina yoshlariga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, A guruhidan Yangi Zelandiya va Gvatemala U-20 terma jamoalari ham o‘rin olgan.