Qozog‘istonning Atirau viloyatida 20 yildan beri xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1975-yilda tug‘ilgan ushbu fuqaro 20-aprel kuni Atirau viloyati IIB Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qo‘lga olingan.
Tekshiruvlar davomida u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) va 248-moddasi 2-qismi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) bilan 20 yildan beri xalqaro qidiruvda ekani aniqlangan.
Tintuv davomida 48 yoshli fuqaroning vaqtincha yashayotgan uyidan taqiqlangan diniy kitoblar va disklar topilgan va u hibsga olingan.
Izoh (0)