Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘p yillik daraxtlar qo‘porib tashlangani haqida xabar berildi. Tabiat resurslari vazirligi poytaxt boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Telegram’dagi “Ekologuz” kanalining yozishicha, Ekobozor tomonda zapravkadan keyin qurilgan avtomoyka oldidagi ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlanib, ayrimlari ildizi bilan birga qo‘porib tashlangan.
Mazkur holat boshqarma mutaxassislari tomonidan borib o‘rganilgan. Unga ko‘ra, “P.S” MCHJ tomonidan hududdagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishda agrotexnik qoidalarga rioya etilmagani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasida (daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlash, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) belgilangan tartibdagi jazo chorasini qo‘llash maqsadida, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmoqda.
Izoh (0)