O‘tgan hafta davomida, ya’ni 27-mart—2-aprel kunlari O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining barcha savdo platformalarida 2,51 trln so‘mlik tovar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 69,3 foizga ko‘pdir. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.
Bunda sotuvlarning:
- 83,7 foizi — birja savdolari;
- 0,1 foizi — ko‘rgazma-yarmarka savdolari;
- 16 foizi — elektron davlat xaridlari;
- 0,2 foizi — avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 732,8 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 94,1 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 1 748 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 5,9 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Birja savdolari
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2,1 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi, shu jumladan:
Karbamid
O‘tgan haftada birja savdolariga 22 040 tonna karbamid qo‘yildi va ulardan barcha hajmi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 148 ta xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha markali karbamidning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3,6 mln so‘mdan 3,3 mln so‘mgacha ya’ni 8,4 foizga pasaygan.
Shakar
Birja savdolariga 13 523 tonna shakar qo‘yildi va uning 11 498 tonnasi, ya’ni 85 foiz qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 435 ta xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 13,3 mln so‘mdan 12,1 mln so‘mgacha, ya’ni 8,7 foizga pasaygan.
Polietilen
O‘tgan hafta mobaynida birja savdolarga 3 049 tonna polietilen qo‘yildi va ulardan barcha hajmi sotildi. Polietilenning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 610 tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda polietilenning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 17,8 mln so‘mdan 17,6 mln so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 82 xaridor ishtirok etdi.