Nukusdagi tartibsizliklar bo‘yicha sudlangan 44 nafar shaxsning oila aʼzolari tomonidan yuborilgan murojaat ijobiy hal etildi. Bu haqda Mustaqil komissiya xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mustaqil komissiyaga 22 va 39 nafar shaxsning oila aʼzolari hamda yaqinlari sudlanganlar bilan qo‘shimcha qisqa muddatli uchrashuvlarni tashkil etishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Nukusdagi tartibsizliklar bo‘yicha Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tgan sud jarayonlarida jami 61 nafar sudlangan bo‘lsa, ulardan 16 nafari sud zalidan ozod qilingan, bir nafari esa vafot etgan edi. 44 nafar sudlanganning yaqinlari tomonidan yuborilgan mazkur murojaat Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya aʼzolari tomonidan o‘rganib chiqilgan va murojaatni ijobiy hal etish bo‘yicha Oliy sudga iltimosnoma kiritilgan. Insonparvarlik tamoyillari asosida iltimosnoma qanoatlantirilgan.
Shundan so‘ng, Buxoro viloyatidagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan sudlanganlarning oila aʼzolari bilan uchrashuvlarini tashkillashtirish, yo‘l xarajatlarini qoplash masalasida Jo‘qorg‘i Kenesga hamda qisqa muddatli uchrashuvlar uchun kerakli sharoitlarni hozirlash bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti tergov hibsxonasiga murojaat qilingan.
Natijada 30-mart kuni 39 nafar tergov hibsxonada saqlanayotgan sudlangan shaxslarning 77 nafar oila aʼzolari va yaqinlari bilan qisqa muddatli uchrashuvlari tashkil etilgan. Qolgan 5 nafar sudlangan shaxslarning yaqinlari uchrashuvlarda ishtirok etmasligini bildirgan. Shuningdek, sudlanganlarga qo‘shimcha yo‘qlovlar ham kiritilgan.
Avvalroq, 31-yanvar kuni Buxoro viloyatida o‘tkazilgan birinchi instansiya sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston sudi sudyasi Elubay Abibullayev raisligida 31-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 22 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm eʼlon qilingandi. Xususan, “Yel xizmetinde” gazetasi muharriri va bloger Davletmurat Tajimuratov 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi, Kallixonova, Turdanov, Smetullayev va Nuratdinov sud zalidan ozod qilindi.