2023-yilning 14-fevral kuni “Quvasoysement” AJ (United Cement Group tarkibiga kiruvchi) O‘zbekistondagi eng yirik shisha buyumlar ishlab chiqaruvchi “Kvarts” AJ aksiyalarining 89,78 foizi sotib olgani haqida e’lon qildi.
“Daryo” muxbiri United Cement Group kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi Andreas Kern bilan “Kvarts” AJni rivojlantirish rejalari va bugungi kunda O‘zbekistonning mashhur korxonasida ishlar qanday kechayotgani haqida suhbatlashdi.
— Janob Kern, bizga ma’lum bo‘lishicha, siz yaqinda United Cement Group sement xoldingiga qo'shilgansiz. Avvalo o'zingiz haqingizda gapirib bersangiz, bu sohaga qanday kelgansiz, ushbu soha sizni nimasi bilan jalb qildi?
— United Cement Group’ga qo‘shilishdan oldin 33 yil davomida Germaniyaning dunyodagi eng yirik sement ishlab chiqaruvchi HeidelbergCement kompaniyasida rahbar lavozimlarda ishladim. Bundan tashqari, Germaniya sement sanoati (BDZ) prezidenti va Germaniya qurilish materiallari kompaniyasi (BBS) prezidenti bo'lganman. Men HeidelbergCement kompaniyasida deyarli 16 yil davomida Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari uchun mas'ul bo'lganman va O'zbekistondagi sement sanoatiga e’tibor qaratganman.
Sement ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassis sifatida men uchun O‘zbekiston yangi texnologiyalarni joriy etish va respublikaning ulkan talabiga javob beradigan sement ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli maskan hisoblanadi. Mening homiyligim ostida HeidelbergCement O‘zbekistondagi mavjud zavodlarni sotib olishga yoki yangilarini qurishga bir necha bor urinib ko‘rdi, biroq global rivojlanish strategiyasining o‘zgarishi tufayli bu HeidelbergCement uchun amalga oshmadi. Shu bois O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi, jadal rivojlanayotgan, Markaziy Osiyodagi eng yirik sement xoldingi – United Cement Group direktorlar kengashi a’zosi bo‘lish taklifi tushguniga qadar orzuim faqat orzu bo‘lib qoldi.
Aytgancha, United Cement Group yaqinda yetakchi xalqaro reyting agentligi S&P Global Ratings tomonidan ijobiy prognozli B+ kredit reytingini oldi. Hozir orzumni ro‘yobga chiqaryapman, bor tajribamni O‘zbekistonda sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarishga qo‘llamoqchiman.
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning xususiylashtirish bo‘yicha tashabbusini qanday baholaysiz? Bu mamlakat iqtisodiyotiga nima beradi?
— Darhaqiqat, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning barcha tashabbuslariga katta hurmat bilan qarayman. Uning qisqa vaqt ichida respublika uchun qilgan ishlari tahsinga sazovor. Hozir biz mamlakatimizda yangi sarmoyalarni jalb qilish, o‘z navbatida, yangi ishlab chiqarishlarni ochish va eskirgan ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilayotgan ulkan o‘zgarishlarni ko‘rmoqdamiz.
O‘zbekistonda korxonalar faoliyatini takomillashtirishning asosiy jihatlaridan biri xalqaro tajribaga asoslanib, korxonalarni xususiy qo‘llarga berish, ya’ni xususiylashtirishdir. Xususiylashtirish uchun xalqaro tajribadan foydalanilmoqda: oshkoralik uchun “Katta to‘rtlik”ning xalqaro konsalting kompaniyalari jalb qilinyapti va xalqaro yuridik firmalar bilan shartnomalar tuzilmoqda. Menimcha, xususiylashtirish korxonalarni modernizatsiya qilish jarayonini tezlashtirish, ularning O‘zbekistonda ham, xorijda ham raqobatbardoshligini oshirish, yashil texnologiyalar va xalqaro menejmentni joriy etish imkonini beradi.
Prezidentingiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan bu tashabbuslarning barchasi pirovardida O‘zbekistonni Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari qatoriga olib chiqishi kerak.
— O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarni qanday baholaysiz? Ularni yangi, xalqaro darajaga olib chiqish uchun aniq nima qilish mumkin?
— Yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari joriy ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq modernizatsiya qilish, yashil texnologiyalarni joriy etish, kadrlar malakasini oshirish zarur. Bularning barchasi O‘zbekiston korxonalariga xalqaro darajaga chiqish imkonini beradi, bu esa o‘z navbatida boshqa mamlakatlarga mahsulot eksportini osonlashtiradi.
— Yaqinda “Quvasoysement” AJ “Kvarts” AJ ulushini sotib oldi. Batafsilroq ma’lumot bersangiz, nima uchun “Quvasoysement” AJ “Kvarts” AJni sotib olishga qaror qildi?
— Avvaliga “Kvarts” AJning bugungi holati haqida gapirib bermoqchiman. “Kvarts” AJ hozirda mablag‘larning keskin taqchilligini boshdan kechirmoqda, barcha mavjud resurslarni qarzlarni uzishga yo‘naltirmoqda. “Zarafshon oyna” MCHJ ishga tushirilgandan so‘ng mahsulotlarning bozor narxlari pasayganligi sababli kompaniyaning 2022-yilning ikkinchi yarmidagi daromadi sezilarli darajada kamaydi. Shu bilan birga, “Kvarts” aksiyadorlik jamiyatining shisha idishlar uchun ikkita liniyasi talab yo‘qligi sababli to‘xtab qoldi.
“Kvarts” AJda yuzaga kelgan keskin vaziyatni kuzatib, men United Cement Group direktorlar kengashiga korxonani qayta tiklash uchun “Kvarts” AJni sotib olishni taklif qildim. Ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun UCG zavodga jiddiy sarmoya kiritishi, uning barcha muammolarini hal qilishi, qarz majburiyatlarini yopishi va eskirgan uskunalarni yangilashi kerak bo'ladi.
— Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish yoki ta’mirlash rejasi bormi?
— Ha, termopolirovka qilingan oynalar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi liniya qurilayotganiga qaramay zavod kapital ta’mirlashni talab qilmoqda. Hozirda UCG kuchlari va vositalari tomonidan amalga oshirilayotgan deyarli hamma narsani o'zgartirish kerak. Shisha zavodi texnologik jihatdan juda murakkab ishlab chiqarish bo‘lib, o‘tgan yillarda u davlat tomonidan ta’minlangan bo‘lsa, hozirda kuchli investor kerak. Aslida UCG zavodni rivojlantirishga, ishlab chiqarishni kengaytirishga, “Kvarts”ning yangi mahsulotlariga qayta sarmoya kiritmoqda. Eski jihozlardan faqat ikkita italyan mashinasi qoladi. Yangi jihozlar haqida gapiradigan bo‘lsak, avtomatlashtirilgan inspeksiya paydo bo'ladi: mahsulotni inson emas, robot saralaydi.
Shisha idishlar ishlab chiqarish liniyasi qurilmoqda. Sexni to‘liq modernizatsiya qilamiz, gazni 35 foizgacha tejaydigan zamonaviy pech o‘rnatamiz. Butun liniya elektr energiyasining 25% gacha tejashi kerak. UCG yashil iqtisodiyot standartlari asosida ishlaydi va uning barcha inshootlari energiya tejamkorligi uchun yangilanadi. Bundan tashqari, energiya tejovchi oyna ishlab chiqarish loyihasini ishlab chiqyapmiz. UCG kompaniyaning bozorda kuchli o'yinchi bo'lishidan, xalqaro standartlarga mos mahsulotlar ishlab chiqarishidan manfaatdor.
“Kvarts” va “Quvasoysement” zavodiga keladigan bo‘lsak, bu mamlakat ichida yuqori sifatli qurilish materiallaridan foydalangan holda inshootlar barpo etilishi, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro darajadagi mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini anglatadi.
– Bunday texnik jihatdan murakkab uskunalar uchun professional kadrlar kerak. UCG hozirgi zavod xodimlarini o'qitishni rejalashtirmoqdami?
– To‘g‘ri, taʼkidlaganingizdek, uskunalarni modernizatsiya qilish va robototexnikani ishlab chiqarishga joriy etishni malakali kadrlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi, shu bois zavodda ishlayotgan yosh mutaxassislarni Yevropa va AQShning yetakchi taʼlim muassasalariga malaka oshirish uchun yuborishni rejalashtirganmiz. Bu jarayon xodimlarni tayyorlash bo'yicha tasdiqlangan UCG siyosatiga muvofiq amalga oshiriladi. Hozirdanoq barcha UCG zavodlarida iqtidorli yoshlar yetakchi xalqaro ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish uchun tanlab olinmoqda.
— Energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitga ta'sirini kamaytirish uchun ishlab chiqarishga yashil texnologiyalar joriy qilinadimi?
– O‘zbekistonda korxonalarning “jon saqlab qolishi” uchun hozirgi ish jarayonida energiya tejamkorligi nihoyatda muhim ekanini tushunamiz. Buni Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z nutqlarida ta’kidlab o‘tdi. Energiya samaradorligini oshirish, atmosferaga zararli moddalar chiqindilarini kamaytirish va yashil texnologiyalarni joriy etish bo'yicha amaldagi UCG qoidalariga muvofiq, biz "Kvarts" AJ zavodida gaz iste'molini optimallashtirishni rejalashtirmoqdamiz.
Shisha ishlab chiqarish energiya talab qiladi, elektr energiyasi ishlab chiqarishning beqarorligi tufayli qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish hali mumkin emas. Masalan, 2022 yilning kuzida gaz bilan bog‘liq muammolar tufayli “Kvarts” liniyalari butunlay to‘xtab qoldi va butun termopolirovka qilingan oyna ishlab chiqarish liniyasi kapital ta’mirdan chiqarilishi kerak edi. Shuni ta'kidlashni istardimki, shisha zavodlari atrof-muhitni minimal ifloslantiruvchi va chiqindisiz ishlab chiqarish obyektlari hisoblanadi.
— “Kvarts” UCG uchun qanday imkoniyatlar ochadi?
— “Quvasoysement”ga qo‘shilish har ikki kompaniya uchun diversifikatsiya qilish imkoniyatini ochib beradi: ular birgalikda qurilish segmentini sement, shifer, gaz bloklari va shisha bilan to‘liq ta’minlay oladi. “Kvarts” aynan O‘zbekistondagi eng yirik sement ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan “Quvasoysement” zavodiga qo‘shilayotgani ham juda muhim.
Ushbu sanoat birlashmasi qurilish kompaniyalari bilan ishlashni osonlashtiradi: ular sement, klinker va arxitektura oynalarini bitta ishonchli yetkazib beruvchidan olishadi. UCG xoldingiga o‘tgandan so‘ng “Kvarts” shisha zavodi mahsulot turlarini kengaytirib, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishiga va xalqaro standartlar darajasiga chiqishiga umid bildiryapmiz.
Izoh (0)