“O‘zgidromet” direktori to‘qqizta viloyatda sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, 5—10-mart kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda 5—6 va 8—10-mart kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Jizzax, Navoiy viloyatlarida 5- va 7-martda chang-to‘zonlar kuzatiladi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo viloyatida 7-martda shamol tezligi 22-25 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.
5—6 va 8—10-mart kunlari kutilayotgan yomg‘ir sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:
- Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlarida;
- Samarqand viloyati Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
- Navoiy viloyati Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
- Jizzax viloyati Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
- Toshkent viloyati Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
- Namangan viloyati Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
- Farg‘ona viloyati So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
- Andijon viloyati Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
“Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz”, — deydi “O‘zgidromet” direktori.