Buyuk Britaniyaning Standard Chartered banki O‘zbekiston bozoriga kirishni niyatida. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yilning 2-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Hamidov bilan Standard Chartered Bank vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda bankning O‘zbekistondagi joriy faoliyati va mamlakatimiz iqtisodiyotining metallurgiya, energetika va infratuzilmani rivojlantirish kabi ustuvor tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirishga uning investitsiyalarini jalb qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, Standard Chartered Bank'ning O‘zbekiston bozorida eksportni moliyalashtirish bo‘yicha mahsulotlarini ilgari surish va milliy kapital bozorini rivojlantirishdagi ishtirokining amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar amaliy kelishuvlarga erishish maqsadida belgilangan o‘zaro hamkorlik formati doirasida muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, Standard Chartered Bank 1969-yilda Londonda tashkil etilgan. Asosiy faoliyatini Sharqiy Osiyo va Afrika mamlakatlarida olib boradi. 2020-yil oxirida uning moliyaviy aktivlari 789,1 milliard dollarni tashkil qilgan edi.