Prezident bilan suhbatlashgan fermer: “Foydalanilmay turgan maydonlarda asalarichilik tashkil qilish taklifi men uchun ayni muddao bo‘ldi”
Prezident Shavkat Mirziyoyev, bugun, 2-fevral kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida respublika paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari bilan muloqot qildi.

Davlat rahbari muloqot davomida Rishton tumanidagi “Agronom Aliyev” fermer xo‘jaligi rahbari Nodira Aliyeva bilan suhbatlashdi.
Nodira Aliyeva prezidentga o‘z fermer xo‘jaligi haqida gapirar ekan, 5 yil ichida fermer xo‘jalikda katta o‘sish bo‘lganini aytdi. Natijada 5 yil oldin 30-31 sentner hosil olgan maydonlardan 50 syentnergacha hosil olishga erishilgan.
Fermer muloqotdan so‘ng ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi.
“Guvohi bo‘lganingizdek, bugun yurtboshimiz ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda paxtachilik, to‘qimachilik klasterlari va ularga yaratilgan yangi sharoitlar haqida asosiy masala ko‘tarildi. Buning zamirida fermer xo‘jaliklari istiqboli va manfaati turibdi. To‘qimachilik, paxtachilik klasteri 5 yil oldin tashkil etilgan bo‘lsa, shu vaqt davomida fermer xo‘jaligimizda katta o‘sish bo‘ldi. Natijada 5 yil oldin 30-32 syentner hosil olgan maydonlarimizdan 50 syentnergacha hosil olishga erishdik.
Qolaversa, prezidentimiz har gal qishloq xo‘jaligi bo‘yicha to‘xtalar ekanlar, yangi innovasion loyihalarni olib kirishga urg‘u berardilar. 2 yil oldin tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan edik, mana shu texnologiya o‘z samarasini berib, hosildorlik ko‘tarilishida asosiy rol o‘ynadi, deb bemalol ayta olaman”, — dedi Nodira Aliyeva.
Fermer prezident bilan muloqotda o‘ziga yanada ko‘proq energiya, kuch olganini ta’kidladi.
“Menga qo‘shimcha yo‘nalishlar belgilab berildi. O‘zi tarmoqlarni kengaytirishni maqsad qilib turgandim. Foydalanilmay turgan maydonlarda asalarichilik tashkil qilish taklifi berildi. Bu men uchun ayni muddao bo‘ldi. Albatta, bu masala tez orada hal qilinadi va bu samarasini ko‘rsatmasdan qolmaydi”, — dedi u.