Soʻnggi yillarda respublikada ichki iste’molning oshishi, iqtisodiyotning o‘sishi, aholi sonining ko‘payishi va ko‘plab turar joy binolarining qurilishi energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga olib kelmoqda. Bu o‘z navbatida respublikamiz yer qaʼridagi mavjud tabiiy boyliklarni izlab topish, ularni qazib olish va xalqqa yetkazib berishga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirishni talab qilmoqda.
Shu sabab “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida amalga oshirilayotgan geologiya-qidiruv ishlari dasturi doirasida 2022-yilda respublikamiz uglevodorod zaxirasini ko‘paytirish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash va ularni chuqur burg‘ilashga tayyorlash borasida samarali ishlar amalga oshirildi.
Ushbu maqsadlarda o‘tgan yili Buxoro-Xiva regionida 1839 kv km hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari amalga oshirildi.
Buning natijasida “Sho‘rtan” konlari guruhida amalga oshirilgan “Sho‘rtan 3D” loyihasi doirasida “Sho‘rtan” konining quyi qatlamlari bo‘yicha olingan ma’lumotlar o‘rganilib, tabiiy gaz istiqbolli resurslari 8 mlrd kub metrga yaqin bo‘lgan “Sho‘rtan” terrigen yura pasporti tayyorlandi. Unga asosan loyihaviy chuqurligi qariyb 5000 metr bo‘lgan “Sho‘rtan” terrigen yura birinchi izlov qudug‘ida burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, 3D seysmik-qidiruv ishlari natijasida tabiiy gaz resurslari 4 mlrd kub metrdan ko‘proq bo‘lgan yangi “Karvonguzar” maydoni aniqlanib, chuqur burg‘ilashga tayyorlandi. Bugungi kunda ushbu maydonda ham izlov burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.
Gazli regionidagi mavjud konlarning quyi qatlamlarini o‘rganish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash maqsadida amalga oshirilgan “Uchqir 3D” loyihasi bo‘yicha “Uchqir”, “Janubiy Akkum”, “Sharqiy Xatar”, “Harbiy Akkum” konlarining geologik modeli aniqlashtirilib, qo‘shimcha izlov-qidiruv va qazib olish quduqlarni burg‘ilashga kiritish imkonini yaratmoqda.
Bundan tashqari, 3D seysmik-qidiruv ishlari natijasida jami resurslari 5 mlrd kub metr tabiiy gaz resursli “Nortepa” va “Rahmatbobo” maydonlari aniqlanib chuqur burg‘ilashga tayyorlandi.
Bugungi kunda “Rahmatbobo” maydonda burg‘ilash ishlari boshlangan bo‘lib, “Nortepa” maydonida burg‘ilashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati