Janubiy Koreya O‘zbekistonda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda, deb xabar beradi Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 31-yanvar kuni Toshkentda Koreyaning iqtisodiy innovatsion hamkorlik bo‘yicha EIPP (The Economic Innovation Partnership Program) dasturining O‘zbekistondagi loyihalari doirasidagi olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Eksimbanki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari, yetakchi konsalting kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminarda EIPP loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi, jumladan, fotoelektr panellar ishlab chiqarish va yarimo‘tkazgichli elektronika bo‘yicha innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasterini yaratish kabi yo‘nalishlar taqdim etildi.
Muhokama davomida kelgusidagi amaliy harakatlar, jumladan, yangi istiqbolli loyihalar boʻyicha loyiha oldi hujjatlarini birgalikda ishlab chiqish doir amaliy choralar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar kelgusidagi hamkorlik formatini belgilab, 2023-yilga moʻljallangan Dasturni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni kelishib oldi.