Eron sudi mamlakatning mashhur reperi Tumaj Solihiyni 2022-yilgi namoyishlarni ochiq qo‘llab-quvvatlagani uchun o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda TRT xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 33 yoshli reper ikki yil muqaddam hibsga olingan, biroq reperga nisbatan o‘lim jazosi yanada kattaroq norozilik to‘lqiniga sabab bo‘lishidan qo‘rqib, unga hukm endi chiqarilgan.
Solihiy 2022-yil 18-noyabrda garov evaziga ozod qilingan, biroq ikki haftaga bormay qayta hibsga olingan. 25-aprel kuni Eron sudi reperni o‘limga hukm qilgan.
U hukm ustidan Oliy sudga shikoyat qilishi uchun 20 kun bor. Agar sud hukmi o‘z kuchida qolsa, amnistiya bo‘yicha Sud komissiyasi reper ishini ko‘rib chiqib, jazoni o‘zgartirishi mumkin, deydi sud bo‘limi.
Tumaj Solihiy 2022-yil oktyabr oyida Eronda yosh kurd ayol Mahsa Aminiy o‘limi ortidan boshlangan namoyishlarni ochiq qo‘llab-quvvatlagani uchun hibsga olingandi. U “internetda yolg‘on va davlatga qarshi tashviqot” tarqatish, shuningdek, odamlarni zo‘ravonlikka undashda aybdor deb topilgan. Eronda minglab odamlar Solihiyning zudlik bilan ozod etilishini talab qilmoqda.
Izoh (0)