Buxoro hamda Andijonda jami 480 mln so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxslar ushlandi
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qorovulbozor tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda fuqaro A.N. tadbirkor R.A.ni aldab, uning savdo do‘konini garov sifatida tijorat banki filialiga taqdim qilib, temir beton mahsulotlarini ishlab chiqarish uskunasi va qurilish materiallari sotib olish uchun 280 million so‘m kredit olgani aniqlangan. Fuqaro ushbu mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, departamentning Andijon viloyati Xonobod shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan F.Q. ushlangan. U turmush o‘rtog‘ining nomiga “A.A.” MCHJni tashkil qilib, maishiy texnikalar sotib olish uchun tijorat banki filialidan 200 milion so‘m kredit olgan. Ushbu mablag‘larini o‘zining norasmiy rahbarligidagi “S.S.” MCHJga o‘tkazib, soxta hujjatlar rasmiylashtirish orqali kreditni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.