O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov AQSH Kongressi Vakillar palatasida “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” hamraislari va a’zolari, kongressmenlar Trent Kelli (Missisipi), Visente Gonsales (Texas) va Don Bekon (Nebraska) bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Qayd etilishicha, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, siyosiy, savdo, sarmoyaviy, akademik, madaniy-gumanitar sohalarda ikki davlat darajasida hamda Missisipi, Texas va Nebraska shtatlari bilan muloqotni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuv avvalida AQSH kongressmenlari O‘zbekistonga tashriflarini eslab, 2023-yilda AQSH Kongressining yangi saylangan a’zolari bilan birga mamlakatga borishga tayyor ekanini bildirgan. “O‘zbekistonga tashrifim men borgan mamlakatlar orasida eng yaxshisi bo‘ldi va O‘zbekiston milliy taomlari, arxitekturasi hamda tarixi haqida juda yaxshi xotiralarim bor”, — dedi Don Bekon.
AQSH qonunchilari bu yil “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” a’zolari soni yangi saylangan kongressmenlar hisobiga ko‘payishini ma’lum qilgan. “Biz ushbu guruhning hamraislari bo‘lganimiz uchun Kongressdagi yangi do‘stlarimiz bilan uchrashganda ularni ushbu Kokusga qo‘shilishga taklif qilamiz”, — degan Trent Kelli.
Uchrashuv chog‘ida “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” rahbarlari respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, AQSH bilan strategik va iqtisodiy sheriklik darajada kengayayotganini e’tirof etgan. Mamlakat mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlovchi maxsus rezolyutsiya, shuningdek, respublikaga nisbatan “Jekson-Venik” qo‘shimchalarini qo‘llashni tugatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha Kongressga takliflar kiritishga tayyor ekanini bildirgan.
“O‘zbekiston bo‘yicha kokus” hamraislari va a’zolari Trent Kelli, Visente Gonsales va Don Bekon bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, 2023-yilga mo‘ljallangan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.