O‘zbekistonda 2022-yilda tramvay transportida qariyb 3 million yo‘lovchi tashilgan. Bu haqda Statistika agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2021-yil bilan solishtirilganda 654,3 mingga oshgan.
Ma’lumot uchun, hozirda faqatgina Samarqand viloyatida tramvaydan jamoat transporti sifatida foydalaniladi.
Toshkent tramvayi
Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 19-yanvar kuni Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgandi. “Menimcha” ko‘rsatuvida transport vazirining taqdimoti prezidentga ma’qul bo‘lmagani haqida so‘z borgan. Aynan ushbu ko‘rsatuvda telejurnalist Xayrulla Nuriddinov Toshkentga tramvay qatnovini qaytarish tarafdori ekanini aytib o‘tgan edi. Davlat rahbari 10-fevral kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida fuqarolar murojaati sabab tramvayni Toshkentga qaytarishni aytib o‘tgandi. “Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti”, — degan edi prezident.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov 16-fevral kuni poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Navoiy ko‘chasida tramvay bo‘lmasligini aytgan edi. Transport boshqarma boshlig‘i Anvar Jo‘rayev esa tramvay bo‘yicha takliflar borligini bildirgandi.
Shuningdek, Belarus Toshkentda tramvayni qayta tiklash loyihasida ishtirok etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan.