Isroil armiyasi 2-fevral kuni tongda Falastinning G‘azo sektori markaziga aviahujum uyushtirdi, deb xabar bermoqda AFP va Reuters muxbirlar hamda guvohlariga tayanib.
Mahalliy xavfsizlik manbalari va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, birinchi zarbalar – kamida yettita raketa HAMASning qurolli qanoti – Ezidin al-Qasam brigadalari o‘quv markaziga berilgan. Obyekt G‘azo sektori markazidagi Al-Mag‘ozi qochqinlar lagerida joylashgan.
Mahalliy xavfsizlik manbalariga ko‘ra, Isroil armiyasi tomonidan havo hujumlarining ikkinchi bosqichida G‘azo shahrining janubi-g‘arbidagi al-Qasam brigadalari o‘quv markazi nishonga olingan.
Qurbonlar yoki yetkazilgan zarar ko‘lami haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
Keyinroq Isroil mudofaa armiyasi Falastinga berilgan zarbalar haqida Twitter’da ma’lum qildi. Unda Isroil HAMASning qurol-yarog‘ zavodi va kimyoviy xomashyo ishlab chiqaradigan zavodga aviazarba yo‘llagani da’vo qilingan.
“Isroil mudofaa armiyasi HAMASni G‘azodan kelib chiqqan barcha teraktlar uchun javobgar deb hisoblaydi, guruh Isroil xavfsizligini buzishning oqibatlariga duch kelmoqda”, — deyiladi bayonotda.
The Times of Israel nashrining yozishicha, 1-fevral kuni G‘azo sektoridan Isroil janubi tomon raketa uchirilgan, Sderot hamda yaqin atrofdagi Ibim va Nir-Ame shaharlarida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalari yoqilgan. Raketa “Temir gumbaz” havo mudofaa tizimi tomonidan tutib olingan. Hodisada faqat bir kishi, 50 yoshli ayol bombapanohga ketayotib, sirpanib jarohat olgan.
Shundan so‘ng Isroil ichki xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir hukumatni zudlik bilan javob zarbalari haqida muhokama o‘tkazishga chaqirgan.