1925-yilning 13-oktabrida Buyuk Britaniyaning XX asrda eng uzoq vaqt hukumatni boshqargan bosh vaziri — Margaret Tetcher dunyoga keladi. Davlat rahbarligiga kelgan Tetcher xonim Buyuk Britaniyani og‘ir iqtisodiy vaziyatdan olib chiqadi, hamda mamlakatning yangi yo‘lini quradi. “Daryo” kolumnisti Muhammadqodir Sobirov Buyuk Britaniya tarixida “Tetcher davri”ni yaratgan Margaret Tetcher hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi.

Bolalik va ta’lim

Margaret Hilda Roberts (Tetcher uning erlik familyasi) 1925-yil Angliyaning Linkolnshir grafligida joylashgan Granthem shahrida tavallud topgan. Uning oila a’zolari kichik tadbirkorlik bilan, otasi Alfred Roberts bo‘lsa siyosiy faoliyat bilan ham shug‘ullanardi. Xususan, Granthem meri lavozimida ishlagan otasi Margaretni Oksford universitetiga o‘qishga kirishiga ko‘maklashadi. 1943-yil, Ikkinchi jahon urushi avj olgan paytda Margaret Oksford universitetining Somervill kolleji kimyo yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. Uning bu yerdagi ustozlaridan biri, Nobel mukofoti laureti Doroti Hojkin edi.

Biroq Margaret kimyodan ko‘ra ko‘proq siyosatga qiziqardi. Oliygohda u Konservatorlar partiyasiga qo‘shiladi va Oksford universiteti konservativ uyushmasi prezidenti bo‘ladi. Oliygohni bitirgan Margaret kimyogar-tadqiqotchi bo‘lib ishlashni boshlaydi.

Yosh Margaret Tetcher

Foto: Google Images

Siyosatga erta qadam

Universitetni bitirganidan ikki yil o‘tib Margaret ilk siyosiy faoliyatini boshlaydi. U 1950-yil Leyboristlar partiyasi tarafdorlari ko‘p bo‘lgan Dartford okrugidan deputatlikka nomzodini qo‘yadi. Lekin bu va 1951-yil bo‘lib o‘tgan saylovlarda Margaret g‘alaba qozona olmaydi, biroq u oldingi Konservatorlar partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlardan ko‘proq ovoz yig‘adi.

Muvaffaqiyatsizlikdan ikki oy o‘tgach Margaret boy tadbirkor Denis Tetcherga turmushga chiqadi.

Huquqshunoslikni o‘rganish uchun bir qancha vaqt siyosatdan chekingan Tetcher Karl va Mark ismli egizak farzandli ham bo‘ladi. Bu vaqt ichida u saylovda g‘olib bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan okrugni qidiradi.

1959-yil Tetcher konservatorlar hukmron bo‘lgan Finchli okrugidan saylovga o‘z nomzodini qo‘yadi va osonlik bilan g‘alaba qozonadi. U kiritgan birinchi qonun loyihasi ommaviy axborot vositalarining mahalliy hukumat yig‘ilishlarini yoritish huquqi haqida edi. U qonun matbuot erkinligiga emas, balki hukumatning isrofgarchilik xarajatlarini cheklashiga e’tibor qaratishi haqida aytib o‘tadi.

1961-yil Tetcher Pensiya va milliy sug‘urta ishlari vazirligida parlament maslahatchisi lavozimini egalladi. 1964-yilgi hukumat saylovlarida Leyboristlar partiyasi g‘alaba qozongach Margaret “Soya kabineti” deb nomlangan siyosiy liderlar guruhiga a’zo bo‘ladi.

Konservatorlar hokimiyatni qaytarib olgach Tetcher Ta’lim va fan vazirligi davlat kotibi (vaziri) etib tayinlanadi. Davlat kotibligining ikkinchi yilida u Leyboristlar partiyasi tomonidan maktab o‘quvchilari uchun joriy qilingan bepul sut dasturini bekor qiladi. Shundan so‘ng uni tanqid qilib, “Thatcher, the milk snatcher” (Tetcher sut yutuvchi) deya masxara qilishadi. Ko‘plab noroziliklarga qaramay Tetcher lavozimini saqlab qoladi va 1974-yil konservatorlar saylovda yana mag‘lub bo‘lib muxolifatga o‘tgach, sobiq bosh vazir Edvard Hitdan partiya rahbarligini tortib oladi. Bu g‘alabadan so‘ng Tetcher muxolifat lideriga aylangan birinchi ayolga aylandi.

Denis va Margaret Tetcher to‘y oqshomida

Foto: Icpress

Buyuk Britaniya tarixidagi birinchi ayol bosh vazir

1970-yillarda Buyuk Britaniya siyosiy va iqtisodiy inqiroz davrida edi. Davlat deyarli bankrotlik yoqasiga kelgan, ishsizlik ko‘payib, kasaba uyushmalari va hukumat o‘rtasida ziddiyatlar kuchaygandi. Bu vaziyat Konservatorlarning yana hokimiyatga qaytishiga yordam beradi. 1979-yil saylovlarda g‘alaba qozongan Konservatorlar partiyasi yetakchisi Margaret Tetcher bosh vazir lavozimi egallaydi va Buyuk Britaniyaning ilk ayol bosh vaziri sifatida tarixga kiradi.

Hukumatga kelgach Tetcher Leyboristlar partiyasini iqtisodiy tanglikni yuzaga keltirgani uchun tanqid qiladi. Keyinroq esa u “jahon hukmronligiga moyil” sifatida Sovet Ittifoqiga axborot hujumi uyushtiradi. Bunga javoban sovet gazetalari uni “temir xonim” deb ataydi va bu nom Tetcherning o‘zi tomonidan ham qabul qilinadi. Shu tariqa Buyuk Britaniya tarixida o‘n bir yil davom etgan “Tetcher davri” boshlanadi.

Hukumatdagi dastlabki davrida Tetcher to‘g‘ridan to‘g‘ri soliqlarni kamaytiradi, ammo xarajatlar uchun soliqlarni oshiradi. Mamlakatda inflyatsiya va ishsizlik yuqori nuqtada edi. “Temir xonim” bunga qarshi kurashish uchun hukumat xarajatlarini kamaytiradi, davlat tomonidan quriluvchi ijtimoiy uy-joylar va jamoat transportini xususiylashtiradi, inflyatsiya bilan kurashish uchun foiz stavkalarini oshiradi.

Foto: AP Photo

Tashqi siyosatda esa Tetcher Foklend orollari uchun Argentina bilan urush boshlaydi. 1982-yil aprel oyida Argentina qo‘shini Foklend orollariga tushiriladi va orol Argentina qo‘liga o‘tadi. Bu orol uzoq vaqtdan beri Buyuk Britaniya va Argentina o‘rtasida mojaroga sabab bo‘lib kelayotgandi. Orol juda ko‘p yillar Buyuk Britaniya mulki bo‘lgan bo‘lsa-da, Argentina sohilida joylashgandi. Tetcher darhol javob chorasini ko‘radi va Foklendga Britaniya qo‘shinini yuboradi. 2-may kuni ingliz suvosti kemasi Argentina krayserini cho‘ktirib yuboradi. Natijada uch yuzdan ortiq odam halok bo‘ladi. Oy oxirida ingliz qo‘shini orol poytaxti Port-Stenlini egallaydi va iyunda Argentina mag‘lubiyatini tan oladi. Foklend Buyuk Britaniya tarkibida qoladi, bu g‘alaba Tetcherning nufuzi yanada ortadi.

Ikkinchi muddat

Urushdagi g‘alaba va iqtisodiy o‘sish Tetcherning ikkinchi muddatga saylanishiga sabab bo‘ladi. Kasaba uyushmalari bilan kurash davom etadi, Tetcher hukumati konchilarning bir yillik ish tashlashiga javoban hech qanday yon berish amalga oshirmaydi. Shuningdek, Tetcher o‘zining asosiy islohotlaridan birini amalga oshirib, British Telecom, British Gas, British Airways, Rolls-Royce va boshqa bir qator yirik davlat korxonalarini xususiylashtiradi.

1984-yili oktabr oyida Brayton shahridagi konservatorlar konferensiyasiga kelgan Margaret Tetcher hayotiga suiqasd uyushtiriladi. Irland ayirmachilari tomonidan o‘rnatilgan bomba portlatilishi oqibatida bir necha kishi jarohatlanadi, ammo Tetcher portlashdan hech qanday zarar ko‘rmaydi. Aksincha Tetcher qo‘rqmasdan konferensiyani davom ettirishni talab qilib turib oladi va ertasi kuni nutq so‘zlaydi.

1983-yil Foklend orollariga tashrif buyurgan Margaret Tetcher

Foto: AP Photo

AQSh prezidenti bilan yaqin munosabatlar o‘rnatgan Tetcher, Yevropa ittifoqi rahbarlari bilan murakkab diplomatik aloqalarga ega edi. Chunki Tetcher Yevropa Ittifoqi loyihasini siyosiy tuzilma emas, balki erkin savdo zonasi bo‘lishi kerak deb hisoblardi.

1984-yilda Tetcher SSSR yetakchisi Mixail Gorbachyov bilan uchrashadi. Shu yili u Xitoy hukumati bilan Gonkong kelajagi to‘g‘risida shartnoma imzolaydi. AQShning Liviyaga hujumini qo‘llab-quvvatlagan Tetcher Amerika kuchlariga hujumlarni amalga oshirish uchun Britaniya bazalaridan foydalanishga ruxsat beradi.

Ketish

1987-yilgi saylovlarda uchinchi marta g‘alaba qozongan Tetcher butun mamlakat bo‘ylab standart o‘quv dasturini joriy etishga va mamlakatning ijtimoiylashtirilgan tibbiyot tizimiga o‘zgartirish kiritishga intiladi. Biroq uning “so‘rov solig‘i”(soliq to‘lamaganlarning saylov huquqidan mahrum etilishi sabab shunday nomlangan) deb nomlangan mahalliy soliqni joriy qilishga urinishi ko‘cha noroziliklari va ko‘pchilik tarafdorlarining undan yuz o‘girishiga olib keladi. Partiya ichida ham kelishmovchiliklar kelib chiqadi.

Foto: AP Photo

Sobiq Mudofaa vaziri Maykl Hezeltayn Yevropa Ittifoqi haqidagi turlicha qarashlar sabab partiya rahbarligi uchun Tetcher bilan kurash boshlaydi. Tetcher partiya rahbarligi saylovining birinchi bosqichida kichik farq bilan g‘alaba qozonadi. Biroq Vazirlar kabinetidagi hamkasblari undan iste’foga chiqishni so‘raydi. 1990-yil 28-noyabrda Margaret Tetcher Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimidan muddatidan avval iste’foga chiqadi. Buning evaziga u o‘z o‘rnini Hezeltaynga emas, balki yaqin hamkasbi Jon Meyjorga qoldiradi.

Siyosatdan keyingi hayot

Tetcher 1992-yilga qadar Lordlar palatasida qoladi. U dunyo yetakchilaridan biri hamda siyosatdagi kashshof ayol sifatida boshidan kechirganlari haqida “Dauning-strit yillari” va “Hokimiyatga yo‘l”  kitoblarini yozadi. Shuningdek, 2002-yilda uning xalqaro siyosat haqidagi fikrlari bayon qilingan “Statecraft” (“Davlat boshqaruvi”) kitobi ham nashr qilinadi.

2000-yillar boshida Margaret Tetcher bir nechta judolikni boshdan kechiradi. Uning ellik yillik turmush o‘rtog‘i Denis Tetcher vafot etadi. Biroz o‘tib esa eski do‘sti va ittifoqchisi Ronald Reygan bilan xayrlashadi.

2007-yili Buyuk Britaniya parlamentining quyi palatasi hisoblanuvchi Jamoalar palatasida Margaret Tetcherning haykali o‘rnatiladi.

Qirolicha Yelizaveta II va Margaret Tetcher. 2009-yil

Foto: Getty Images

Keyingi yillarda insult tufayli xotira muammolari bilan kurashgan Tetcher siyosat va mediadan uzoqda yuradi. 2013-yil 8-aprelda XX asrdagi eng ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblardan biri bo‘lgan Margaret Tetcher vafot etadi.

Uning hayoti haqida Meril Stripning “Temir xonim” filmi sur’atga olingan.