Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Kanar orollarida “Magnitskiy ishi” bo‘yicha asosiy gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Bu haqda Yevropol xabar berdi.

Foto: DPA

Foto: DPA

Gumonlanuvchining ism-sharifi oshkor etilmayapti, ammo politsiya xizmati press-relizida ta’kidlanishicha, bu odam huquqshunos Sergey Magnitskiy surishtiruv olib borgan pul yuvish bo‘yicha jinoiy sxemaning markaziy bo‘g‘ini bo‘lgan.

Yevropol ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh gumonlanuvchi rahbarligi ostida Rossiya budjetidan kamida 219 million yevro mablag‘ni o‘g‘irlagan. Bu mablag‘lar Yevropadagi bank hisoblari orqali o‘tkazilgan, keyin esa Ispaniyada ko‘chmas mulk sotib olishga yo‘naltirilgan.

Ish doirasida allaqachon 25 million yevrolik 75 ta ko‘chmas mulk obyekti xatga olingan. Ko‘chmas mulk “Ispaniya bilan deyarli bog‘liqligi bo‘lmagan” Rossiya fuqarolari yoki haqiqiy iqtisodiy faoliyat olib bormaydigan va mamlakatda rus tilida so‘zlashuvchi hamjamiyatga aloqador bo‘lmagan soxta kompaniyalar tomonidan sotib olingan.

“Magnitskiy ishi”

Advokat va auditor Sergey Magnitskiy Rossiyada 2008-yilda Hermitage Capital fondining soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash ishi bo‘yicha hibsga olingan. U 2009-yilda “Matrosskaya Tishina” tergov izolyatorida vafot etdi. Vafotidan keyin 2013-yilda aybdor deb topildi. Hermitage Capital rahbari Uilyam Brauderning so‘zlariga ko‘ra, tergov izolyatorida Magnitskiyni o‘ldirishgan, uning ta’qib qilinishi auditor Rossiya budjetidan 230 million dollar o‘g‘irlanishiga oid korrupsion sxemani fosh qilgani bilan bog‘liq.

Magnitskiyning o‘limi va Brauderning bayonotlari AQShda “Magnitskiy akti” qabul qilinishiga sabab bo‘ldi, uning asosida Rossiyaning ayrim fuqarolariga qarshi sanksiyalar joriy qilindi. Keyinchalik ushbu sanksiyalarga Yevropa Ittifoqi, Kanada, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar qo‘shildi. So‘nggi o‘n yil ichida Brauder rossiyaliklar tomonidan Shvetsiya, Estoniya, Avstriya va boshqa mamlakatlarda pul yuvilishi ehtimoli bo‘yicha bir qator tekshiruvlarni boshladi.

Rossiyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha Brauderga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. 2013-yilda u sirtdan umumiy rejimdagi koloniyaga to‘qqiz yilga hukm qilingan. 2018-yilda unga qarshi yangi jinoiy ish qo‘zg‘atildi — Bosh prokuraturaning ta’kidlashicha, fond rahbari soliqlardan qochish uchun transmilliy jinoiy hamjamiyatni va shu bilan bog‘liq firibgarlik sxemalarini tuzgan.

2019-yilda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Sergey Magnitskiy, uning rafiqasi Natalya Jarikova va onasi Natalya Magnitskayaning shikoyatini qanoatlantirdi. Magnitskiy 2009-yil 11 iyulda — o‘limidan to‘rt oy oldin Yevropa sudiga o‘z nomidan shikoyat bilan murojaat qilgan. Magnitskiyning bevasi 2010-yil mart oyida shikoyatga qo‘shilgan; auditorning onasi sudga 2012-yil avgustda murojaat qilgan.

Sud Rossiya hukumati qamoqxona rahbariyati tomonidan Magnitskiyga nisbatan yashash huquqi, hibsda saqlash va muomala chog‘ida qiynoqlarning taqiqlanishi shartlari buzilishiga yo‘l qo‘yib bergan deb topdi. Yevropa sudi, shuningdek, Rossiya Magnitskiyga nisbatan hibsda ma’qul muddat saqlash va ma’qul muddatda adolatli sud qilinish bilan bog‘liq tartib-qoidalarni buzganini tasdiqladi. Sud ikki arizachiga 34 000 yevro undirib berdi.

2021-yil iyulida esa Shveysariya Bosh prokuraturasi Uilyam Brauderning Hermitage Capital Management kompaniyasi tomonidan 2011-yilning mart oyida kiritilgan da’vo bo‘yicha olib borilayotgan jinoiy ishni yopdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiya va Suriyadagi zilzilada halok bo‘lganlar soni 9 mingdan oshdi
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev Toshkent yerusti metrosining qurilish ishlari bilan tanishdi 
Mahalliy
Mudofaa vazirligida qator tayinlovlar amalga oshirildi