Istilodan ozod qilingan Xerson shahrida xonalaridan kameralar sifatida foydalanilgan binoda voyaga yetmaganlar saqlangan alohida xona topildi. Bu haqda Ukraina Oliy radasining inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets ma’lum qildi.
“Biz birinchi marta bolalarning qiynoqqa solinishi holatini qayd etdik, — dedi ombudsmen. — U yerda saqlangan odamlar guvohlik berishicha, bu xonada ukrainalik bolalar bo‘lgan. Istilochilarning o‘zlari uni ‘bolalar xonasi’ deb atagan”, — dedi Lubinets.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xona ham, xuddi boshqalari kabi, zax bo‘lgan, u yerdagi bolalarga esa kunora suv berilgan, ovqat esa deyarli berilmagan. Bolalarga nisbatan psixologik bosim qo‘llanilgan. Xususan, ularga, go‘yoki, ota-onalari ulardan voz kechgani haqida aytishgan.
“14 yoshli bir bola qulab tushgan Rossiya texnikasini suratga tushirgani uchungina qo‘lga olingan. U hibsda saqlanib, qiynoqlarga duchor qilingan”, — dedi Ukraina ombudsmeni.
30-sentabr kuni Vladimir Putin Rossiya tarkibiga to‘rtta yangi hududni, shu jumladan, Xerson viloyatini kiritish haqidagi shartnomalarni imzolagandi. 11-noyabr kuni Rossiya Dnepr o‘ng qirg‘og‘idan o‘z qo‘shinlarini olib ketishni yakunladi, o‘shanda Xerson Ukraina kuchlari nazorati ostiga o‘tdi.
Izoh (0)