Angren neft bazasida avariya sodir bo‘lib, 11 500 litr AI-80 benzin yoqilg‘i mahsuloti to‘kilgani haqida xabar berilgan edi. Davlat Ekologiya qo‘mitasi benzin sizib chiqqan korxonada hovuzlar belgilangan talab darajasida bo‘lmaganini aniqladi.
Ma’lum qilinishicha, Angren neftni saqlash omboridan neft mahsulotlari sizib chiqqanligi to‘g‘risida tarqalgan xabar 11-dekabr kuni Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan.
O‘rganishlar davomida ushbu voqea 10-dekabr kuni taxminan kech soat 20:10 da ro‘y berganligi va korxonaning 5000 metr kub hajmdagi 20-sonli sig‘im (rezervuar) jo‘mragi qattiq sovuq ta’sirida muzlab yorilishi oqibatida 11 500 litr neft mahsuloti (AI-80 benzin) zavod hududidan tashqariga sizib chiqqanligi ma’lum bo‘lgan.
Qayd etish lozimki, neft mahsulotlarini saqlash ombori ekologik xavfliligi bo‘yicha 1-toifali obyekt hisoblanib, korxonaga berilgan davlat ekologik ekspertiza xulosasiga ko‘ra neft saqlash sig‘imlari joylashgan hududda avariya holatlarini inobatga olgan holda hovuzlar tashkil etilishi lozim.
Korxonadagi mavjud hovuzlar belgilangan talab darajasida emasligi natijasida neft mahsulotlari mahalliy ariq orqali Dukensoy soyining suv havzasiga sizib chiqqan,— deya ta’kidlangan qo‘mita xabarida.Qo‘mita matbuot xizmatining bildirishicha, hozirda neft bilan ifloslangan suv havzasidan olingan tahlil namunalari laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilmoqda. Tahlil natijalari asosida tabiatga yetkazilgan zarar summasi hisob-kitob qilinadi.
Davlat inspektorlari tomonidan korxonaga nisbatan tegishli tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.