“Rossiyaning yadroviy ritorikasi” Finlyandiyani NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishga undagan asosiy omil bo‘ldi. Bu haqda Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto Kyodo agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi bosqini boshlanishi “Yevropada xavfsizlik haqiqati o‘zgarganini” ko‘rsatdi, “Moskvaning yadroviy tahdidlari” esa Xelsinkini qanday javob qaytarish va qayerdan yordam olish haqida o‘ylashga majbur qildi.
Finlyandiya va Shvetsiya may oyida NATOga kirish uchun ariza topshirgandi. Bu jarayon alyansning barcha 30 a’zosi tomonidan ratifikatsiya talab qiladi, biroq Vengriya va Turkiya buni ma’qullamagan.
Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Vengriya ikki mamlakatning alyansga qo‘shilishini fevral oyi boshida ma’qullamoqchiligini ta’kidlab, “hammasi bahorda hal bo‘lishiga”, jumladan Turkiya tomonidan tegishli hujjat ratifikatsiya qilinishiga umid bildirdi.
Izoh (0)