Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Rossiya istilosi boshlanganidan buyon 10 mingdan 13 ming nafargacha Ukraina harbiy xizmatchilari halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga tayanib ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

“Shubhasiz, Ursula xonim (Ursula fon der Lyayyen — Yevrokomissiya rahbari) adashdi — bu aniq-ravshan. Shuning uchun ham ular bu videoni o‘chirib tashladi, raqamlarni olib qo‘ydi. Bizda Bosh shtabning rasmiy ma’lumotlari bor, ular oliy bosh qo‘mondon tomonidan e’lon qilib boriladi. Ukrainaning urush chog‘idagi talafotlari 10 mingdan 12,5—13 ming nafargacha qurbonlardan iborat… Ha, bizda jarohatlar tufayli yo‘qotishlar ko‘proq”, — deya ma’lum qildi Podolyak televideniye orqali.

Maslahatchining so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya rahbari tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar bo‘yicha keltirib o‘tgan raqamlar ham noto‘g‘ri. Podolyak qayd etishicha, bu raqam “20 ming emasligi aniq, balki undan ham ko‘proq, ayniqsa, Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ozod etilgan hududlarda topilgan ommaviy qabrlarni hisobga olganda.

30-noyabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning Twitter’iga uning videomurojaati joylandi, unda da’vo qilinishicha, Ukrainada shu paytgacha 20 mingdan ortiq tinch aholi va 100 ming nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Keyinroq video o‘chirib tashlandi. Uning o‘rniga tahrirlangan rolik joylashtirildi, unda esa talafotlar haqidagi gaplar yo‘q edi.

Yevrokomissiya jamoatchilik bilan aloqalar departamenti rahbari Dana Spinant ma’lum qilishicha, fon der Lyayyenning murojaatiga halok bo‘lgan ukrainalik askarlar haqidagi axborot tashqi manbalardan olingan.Bu ma’lumotlar Rossiyaning shafqatsizligini namoyish etishi kerak edi, deya tushuntirdi u.

So‘nggi marta Ukraina hukumati o‘zining harbiy talafotlari haqida avgust o‘rtalarida ma’lum qilgandi. O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya istilosi boshlanganidan buyon qariyb to‘qqiz ming nafar ukrain harbiylari halok bo‘lganini aytgandi. Yevrokomissiya rahbarining videomurojaatidan keyin Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Ukrainaning harbiy talafotlari haqidagi axborot yopiq ma’lumot ekanini bildirdi.

Noyabr boshida AQSH Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari Mark Milli Rossiya qo‘shinlari halok bo‘lgan va yaralangan askarlari soni 100 mingdan oshishini ma’lum qildi. U Ukraina tomoni ham taxminan shuncha talafot ko‘rganini taxmin qildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi talafotlari haqida atigi uch marta hisobot bergan. So‘nggi marta 21-sentabr kuni, Rossiyada safarbarlik e’lon qilingan kunda ma’lumot berilgan. O‘shanda mudofaa vaziri Sergey Shoygu janglar chog‘ida 5937 nafar rossiyalik askar halok bo‘lganini aytgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Oxirgi 100 yil ichida sodir bo‘lgan dunyodagi eng kuchli 10 ta zilzila (video+foto)
Dunyo
Polsha bosh vaziri Ukrainadagi urush uchinchi jahon urushiga aylanishini prognoz qildi
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi yana oshdi