Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Daryo” nashri 28-noyabrda O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni e’tiboringizga havola etadi.

AQSH Ukraina tufayli Tayvanga qurol-yarog‘ bera olmadi. Qurol yetkazish masalasi qanday hal qilinadi?

Harbiy yordamning katta qismi Ukrainaga yo‘naltirilgani uchun, AQSH hukumati Tayvanni barcha zarur qurol-yarog‘ bilan ta’minlay olmasligidan xavotirlanmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal AQSH Kongressi va hukumatidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Tayvanga qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha qariyb 19 milliard dollarga orqada qolmoqda. Manbalarning aytishicha, Ukrainaga yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘lar soni ayni paytda AQSHning Tayvanni qurollantirish bo‘yicha strategiyasining uzoq muddatli talablariga mos kelmaydi.

Orol haligacha AQSHdan 208 ta tankka qarshi majmualar va 215 ta Stinger havo hujumiga qarshi raketa majmualarini olgani yo‘q, vaholanki ular uchun 2015-yil dekabrida buyurtma berilgan.

“Pandemiya natijasida kelib chiqqan yetkazib berishlar zanjiri bilan bog‘liq muammolar, ko‘plab tizimlarda ishlab chiqarish hajmini qisqartirdi va ular Rossiyaning Ukrainadagi operatsiyasi talabni oshirib yuborishidan avvalroq ham qiyinchiliklarga duch kelgandi”, — deb yozadi nashr.

Pentagon vakili Sabrina Singx ma’lum qilishicha, Vashington Tayvan va Ukrainaga o‘zini himoya qilish imkoniyatini taqdim etish ustida ishlamoqda. May oyida Pentagon Tayvanga qurol-yarog‘ yetkazib berishdagi oqsashlarga Kiyev sababchi emasligini aytgandi. Mudofaa idorasi aniqlik kiritishicha, Ukrainani qurollantirish AQSH zaxiralari hisobidan amalga oshirilyapti va hozirda Tayvanga yangi qurollar yuborilmoqda.

To‘qayev Putinning taklifi bilan Moskvaga bordi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifi bilan Moskvaga bordi, deb yozadi Tengrinews. Qayd etilishicha, bugun Moskvada davlat rahbarlari muzokaralar o‘tkazadi. Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari videokonferensaloqa rejimida Qozog‘iston va Rossiya mintaqalararo hamkorlik forumida qatnashadi.

Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tashrif chog‘ida hujjatlar imzolanishini aytgandi. Aynan qanday hujjatlar ekaniga Peskov aniqlik kiritmadi. Ikki mamlakat yetakchilarining ushbu uchrashuvi To‘qayev 26-noyabr kuni ikkinchi marta Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishganidan buyon birinchisi bo‘ladi. Putin saylovlardan keyin To‘qayevni qayta saylangani bilan birinchilardan bo'lib tabriklagandi.

Xitoyda karantinga qarshi namoyishchilar nega Si Szinpin iste’fosini talab qilmoqda?

Koronavirus lokdaunlariga qarshi ommaviy noroziliklar Xitoyning yirik shaharlariga tarqaldi, deb yozadi Daily Mail. 28-noyabrga o‘tar kechasi Xitoyning yirik shaharlarida mamlakat hukumati koronavirusga qarshi kurash bilan izohlayotgan qat’iy cheklov choralariga qarshi ommaviy namoyishlar davom etdi.

Pekinda namoyishchilar diplomatik muassasalar joylashgan tumanda ko‘chalarga chiqdi. Odamlar “Karantinni bekor qiling”, “Si Szinpin iste’foga chiqsin, Kommunistik partiya iste’foga chiqsin”, “Shinjonni oching, Xitoyni oching”, “Bizga testlar kerak emas, bizga erkinlik kerak” degan shiorlar va talablar bilan chiqqan.

Politsiya jalb etilgan, hozirda necha kishi qo‘lga olingani aniq emas. Norozilik harakatlari Xitoyning Shanxay, Chendu, Chunsin, Uxan va Nankin kabi boshqa megapolislarida ham bo‘lib o‘tdi. Universitetlarda ham noroziliklar kuchaymoqda, ijtimoiy tarmoqlar namoyishlar aks etgan videolarga to‘lib ketdi.

Xitoy hukumati koronavirusga nisbatan “nol bardoshlilik” siyosatini olib bormoqda: shaharlarda butun boshli dahalar yopilib, kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgan odamlar majburan karantinga yuborilmoqda, bemorlar kasalxonalarda izolyatsiyada, mamlakat chegaralari esa aslida yopiq holatda.

Noroziliklar Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanining Urumchi shahridagi turar joylardan birida yong‘in chiqqanidan keyin boshlangandi. 24-noyabr kuni yuz bergan hodisada kamida o‘n kishi halok bo‘lib, yana to‘qqiz kishi jarohatlangandi.

Guvohlar qayd etishicha, lokdaun tufayli kvartiralar eshiklari yopib tashlangani uchun, odamlar tashqariga chiqa olmagan, cheklov choralari sababli esa qutqaruv xizmatlari vaqtida yetib kela olmagan. Ayni vaziyatda Xitoy hukumati buni rad etmoqda.

O‘zbekistonda yutuqli teleo‘yinlar iste’molchilar huquqini buzayotgani ma’lum qilindi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi telekanallarda efirga uzatilgan teleo‘yinda fuqarolarning yutuq pullari to‘lab berilmaganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, agentlikka respublikaning turli hududlaridan Zo‘r TV telekanalida namoyish etilgan “Omadingizni bersin” o‘yinida qo‘lga kiritgan yutuqlarini olish imkoni bo‘lmayotgani haqida murojaatlar kelib tushgan.

Bugungi kunga kelib ushbu teleo‘yini ishtirokchilarining umumiy yutuqlari jami 2 milliard so‘mni tashkil etadi. O‘yin Mia-Maa MCHJ homiyligida ushbu savdo belgisidagi mahsulotlarning xaridorlari o‘rtasida o‘tkazilmoqda. Teleo‘yinning sovrin jamg‘armasi turli yutuqlardan tashkil topgan:

Namoyish etilgan ko‘rsatuvning jami 15 ta soni g‘oliblaridan faqat 3 ta sonidan ishtirokchilar o‘z yutug‘ini olgan, xolos. Qolgan 55 ishtirokchi bugungi kungacha sovrinlarini kutmoqda.

Agentlikning maxsus komissiyasi tomonidan Mia-Maa MCHJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6 va 21-moddalari talablari buzilgani holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Shuningdek, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan to‘plangan hujjatlar holatiga huquqiy baho berish uchun, ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiya va Suriyadagi zilzila nega halokatli oqibatlarga olib keldi?
Mahalliy
“Qardoshlarimizga hamdardmiz”. O‘zbek jamoatchiligi Turkiyadagi zilzilaga munosabat bildirdi
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv bo‘yicha qarorni imzoladi