O‘zbekistonning Ummon Sultonligidagi elchixonasida Azhar kompaniyasi rahbari Solih al-Zajali bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligiga tayanib EastFruit xabar bermoqda.
Azhar brendi ostida Ummonda sog‘lom turmush tarzi va organik mahsulotlar iste’molini targ‘ib qiluvchi bir qator xususiy klinikalar faoliyat yuritmoqda.
Suhbat chog‘ida Ummon tomoniga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va xorijga eksport qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, quritilgan mevalar sifati, bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan korxonalarning holati haqida ma’lumot berildi.
Solih al-Zajali bugungi kunda O‘zbekistonda meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha katta tajriba to‘plangani, bu mahsulotlarni eksport qilish uchun yetarli salohiyat mavjudligini qayd etdi. Ular sifati va ta’mi bilan arab mamlakatlari bozorlari e’tiborini tortadi.
Kompaniya rahbari Azhar “Sog‘lom ovqatlanish” dasturi doirasida kelgusida O‘zbekistondan o‘rik, uzum, shaftoli, olxo‘ri, anjir va boshqa quritilgan mevalarni Yaqin Sharq mintaqasi mamlakatlariga olib kirishga tayyor ekanini bildirdi.
Joriy yilning noyabr oyi oxirida Ummon kompaniyasi vakillari ushbu mahsulotlarni tayyorlash jarayoni bilan bevosita tanishish va salohiyatli o‘zbekistonlik hamkorlar takliflarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Izoh (0)