O‘zbekistonda yil boshidan beri bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar qanday o‘zgargani tahlil qilindi. Bu haqda “Daryo”ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.
Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2021-yilning shu davriga nisbatan 39,8 foizga oshdi.
Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Andijon (63,1 foiz), Jizzax (51 foiz), Sirdaryo (48,1 foiz), Farg‘ona (40,2 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston (55,9 foiz) va Toshkent shahrida (44,3 foiz) kuzatildi.
Hisobot davrida bojxona qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan 7 ta qonun va 30 ta qaror loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan 24 tasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan bo‘lsa, bugungi kunda 9 tasi qabul qilingan.
Bojxona to‘lovlaridan tushadigan daromadlarning oshishiga 2022-yil yanvar—sentyabr oylarida importning o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,3 foizga o‘sishi ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar bo‘ldi.
Bundan tashqari, deklarantlar tomonidan hujjatlarni qayta topshirish amaliyoti bekor qilindi va ushbu hujjatlarni elektron yig‘ishga qaratilgan «e-Arxiv» axborot tizimi hamda «e -Navbat» interaktiv xizmati davlat chegarasi orqali meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi transport vositalarining o‘tishini tashkil etish va tezlashtirishga qaratilgan.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 31-oktabrga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,7 foizga oshgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 9 oy davomida undirilgan bojxona to‘lovlari miqdori ma’lum qilingandi.