O‘zbekistonda yil boshidan beri soliq tushumlari qanday o‘zgargani tahlil qilindi. Bu haqda “Daryo”ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 1-yanvaridan 31-oktabrigacha bo‘lgan davrda mamlakat soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,5 foizga oshgan.
Farg‘ona (35,1 foiz), Samarqand (33,8 foiz), Sirdaryo (30,3 foiz), Buxoro (30,3 foiz), Jizzax (29,9 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston (30,7 foiz) va Toshkent shahrida (41,9 foiz) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Joriy yilning 10 oyida soliqlarning daromadlar dinamikasi ta’sirini tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, qo‘shilgan qiymat solig‘i (mamlakat bo‘yicha tushunmlarning o‘sishi 33 foiz) va aylanma soliq (40 foiz) bunga eng katta ta’sir ko‘rsatdi.
Ushbu o‘zgarishlar yangi yo‘nalishlari va yangi raqamli vositalar: elektron hisob-faktura, onlayn kassa, Cashback, “E-ijara”, “Soliqchi ko‘makchi”, “tax.gap” va boshqalarni joriy etish bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, yil boshidan buyon tashkilotlar tomonidan to‘langan daromad solig‘i 56 foizga ko‘paydi, bunga iqtisodiy faollikning o‘sishi va rentabellik darajasining oshishi yordam berdi.
Avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan beri budjetga qancha soliq tushumlari kelib tushgani ma’lum qilingani haqida xabar berilgandi.