O‘zbekistonda kambag‘allik masalasi bo‘yicha aholi fikri o‘rganildi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti xabar bermoqda.
Kambag‘allik darajasini hisoblashning keng tarqalgan usuli bu inson uchun kunlik zarur bo‘lgan minimal oziq-ovqat mahsulotlari kaloriyasi narxi asosida minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash va uning monetar chegarasini aniqlashdir.
Lekin hozirda ko‘p tadqiqotchilar va amaliyotchilar kambag‘allik nafaqat monetar, balki inson hayot kechirish sifatini belgilovchi boshqa turli omillar yig‘indisidan tashkil topgan (ko‘p o‘lchovli) deb hisoblaydi.
Masalan, Kambag‘allik va inson potensialining rivojlanishi muammolari bo‘yicha Oksford universiteti tashabbusi tomonidan har yili e’lon qilinadigan Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksida kambag‘allikni hisoblashda ozuqa, bolalar o‘limi, ta’lim davomiyligi, maktabga borish, taom pishirishda ishlatiladigan yonilg‘i turi, sanitariya, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, uy-joy bilan ta’minlanganlik va moddiy aktivlar kabi indikatorlardan foydalanadi.
Amaliyotda har bir davlat aholisining yashash tarzi va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o‘z Milliy ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksini (MPI) ishlab chiqadi.
Milliy MPI indikatorlarini tanlab olishda asosan quyidagi usul yoki bir necha usullar kombinatsiyasidan foydalaniladi:
- Aholining kambag‘allik haqidagi fikrini chuqur o‘rganish;
- Ekspertlar, tadqiqotchilar va amaliyotchilar orasida ko‘p sonli muhokamalar yordamida aniqlash;
- Milliy strategiyalar va konsepsiyalar;
- Mavjud nazariy bilimlar.
PMTI ekspertlari aholining kambag‘allik haqidagi fikrini o‘rganish asosida Milliy ko‘p o‘lchovli kambag‘allikning o‘lchovlarini aniqlash maqsadida Navoiy viloyatida aholi o‘rtasida (300 ta xonadon) so‘rov o‘tkazdi.
Natijalarga ko‘ra, Navoiy viloyati aholisi kambag‘allik belgilari sifatida birinchi o‘rinda ishsizlik, shaxsiy uyning yo‘qligi, to‘yib ovqatlanmaslik, savodsizlik, keyingi o‘rinlarda esa surunkali kasalliklarning ko‘p bo‘lishi, bolalarning maktabga bormasligi, mavsumiy bandlik, go‘sht va tuxumning kam iste’moli, bolalarning kasallikdan vafot etishi va bolalarning daromad topish uchun mehnat qilishi kabi indikatorlarni ahamiyatli deb topdi.
Ushbu holat aholining turli qatlam vakillari uchun qayta hisoblanganda ham saqlanib qoldi.
Olingan natijalar PMTIga mehmon bo‘lib tashrif buyurgan Kambag‘allik va inson potensialining rivojlanishi muammolari bo‘yicha Oksford universiteti tashabbusi Dasturlar va operatsiyalar bo‘yicha direktor Korin Mitchel tomonidan ijobiy baholandi.
Aniqlangan natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allikka ta’rif berishda, unga qarshi samarali siyosat yuritishda va aholining farovonligini oshirishda kompleks yondashuv va bir paytning o‘zida turli yo‘nalishlarni qamrab olgan xatti-harakatlar talab etiladi.