Germaniyada Yevropa Ittifoqi standartlari bilan uyg‘unlashtirilgan iste’mol narxlari mamlakat Federal statistika boshqarmasi (Destatis) yakuniy ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida yillik ko‘rsatkichda 11,6 foizga oshdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Inflyatsiya sentabr oyida 10,9 foizdan tezlashdi va barcha vaqtlarning yangi rekordini o‘rnatdi.
Oylik bazada narxlar sentabr oyida 2,2 foizga sakrashdan keyin 1,1 foizga oshdi.
Ikkala ko‘rsatkichning dinamikasi ilgari e’lon qilingan ma’lumotlarga va Trading Economics tomonidan so‘ralgan tahlilchilarning o‘rtacha prognozlariga to‘g‘ri keladi.
Nemis standartlari bo‘yicha hisoblangan iste’mol narxlari oktabr oyida yillik hisobda 10,4 foizga, oylik hisobda esa 0,9 foizga oshdi.
Inflyatsiya darajasi qayta birlashgan Germaniya tarixida yangi eng yuqori darajaga yetdi, — deydi Destatis rahbari Georg Til.
Germaniyada yuqori inflyatsiyaning asosiy sababi hamon energiya narxlarining keskin oshishi hisoblanadi.
Mamlakatda energiya narxlari sentabr oyida 43,9 foizga oshganidan keyin yillik 43 foizga yetdi. Shu jumladan elektr energiyasi narxi 55 foizga va tabiiy gaz narxi ikki baravardan ko‘proq oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxi 20,3 foizga (sentabrda — 18,7 foizga), jumladan, sut mahsulotlari va tuxum 28,9 foizga, sabzavotlar 23,1 foizga, non va don mahsulotlari 19,8 foizga qimmatladi.
Oziq-ovqat va yonilg‘ini hisobga olmaganda, Germaniyada iste’mol narxlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga oshdi.