Rossiya qo‘shinlari Xersondan chiqib ketganidan keyin Dnepr daryosidan o‘tuvchi Antonov ko‘prigi portlatib yuborilgan. Bu haqda VGTRK (Umumrossiya davlat televizion va radiouzatuv kompaniyasi) muxbiri Andrey Rudenko o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi. U portlash aks etgan video bilan bo‘lishgan. Xerson viloyati hukumati raisi Sergey Yeliseyev portlash haqidagi ma’lumotni rad etib, ko‘prik “avvalgi holatda” turganini bildirdi, deb yozadi “Kommersant”.
Rossiya qo‘shinlari manyovrlari guvohi bo‘lgan “RIA Novosti” muxbiri ham ular Xersonni tark etib, Dnepr chap qirg‘og‘idagi pozitsiyalarga o‘tganini tasdiqlamoqda.
“Komsomolskaya Pravda” harbiy muxbiri portlatib yuborilgan Antonov ko‘prigidan video olib qo‘ygan. Kadrlarda ko‘prikning tayanch ustunlarining ikkita oralig‘i qulab tushganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, shahar ma’muriyati binosiga Ukraina bayrog‘i o‘rnatib qo‘yilgani aks etgan suratlar tarqalmoqda.
Antonov ko‘prigining uzunligi qariyb 1,4 kilometrga, eni esa 25 metrga teng. U Xersonni Dneprning chap qirg‘og‘i bilan bog‘laydi.
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu qo‘shinlarni Xerson viloyatining o‘ng qirg‘oqbo‘yidan olib ketishni 9-noyabr kuni buyurgan edi. Ertasi kuni Ukraina qurolli kuchlari Xerson viloyatida olg‘a harakatlanayotganini ma’lum qildi. O‘z navbatida “Vagner” guruhiga aloqador deb hisoblaniladigan Rossiyaning Grey Zone Telegram-kanali Xersonda ilk ukrain bo‘linmalari paydo bo‘lgani haqida xabar berdi.
Keyinroq Xersondan chekinishdan avval Rossiya qo‘shinlari shaharda bir qancha infratuzilma obyektlarini portlatib yuborgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.