Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti davomida Turkmaniston Milliy kengashi xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov nutq so‘zladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida xalqaro insonparvarlik yo‘nalishidagi hamkorlikka e’tibor berish lozim.
Biz musulmon mamlakatlarga kelayotgan yoki chiqib ketayotgan qochoqlarga ko‘mak berishimiz zarur. Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar aynan xalqlarimiz orasidagi do‘stlikni rivojlantirishimizni talab qiladi. Shuningdek, madaniyat yo‘nalishidagi hamkorlikka ham ahamiyat berishimiz kerak. Biz daho ajdodlarimizni dunyoga tanitish, targ‘ib qilishimiz kerak.
Biz 2024-yilni buyuk shoir Maxtumquli yili deb e’lon qilishni rejalashtirganmiz. Biz shu yilda aynan ulug‘ mutafakkir tavalludining 300 yilligini nishonlaymiz. Ushbu tadbirlarda barchangiz faol ishtirok etasiz, deb ishonaman.
Bizning mamlakatimiz 2025-yilni BMT tomonidan Tinchlik va o‘zaro ishonch yili deb nomlash taklifini ilgari surdi. Bizning ana shu taklifimizni qo‘llab-quvvatlasangiz barchangizdan minnatdor bo‘lamiz. Bu juda muhim. Bu orqali xalqaro terrorizm, ekstremizm, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishimiz mumkin. Turkiy davlatlar ham ushbu muammolarni bevosita boshdan kechiryapti va barchangiz bu taklifimizni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb ishonaman.
Xususan, Afg‘oniston bilan bog‘liq masalani hamkorlikda hal qilishimiz kerak. Chunki TDTga a’zo mamlakatlarning ayrimlari bu davlat bilan qo‘shni hisoblanadi. Shu bois bu davlatda bo‘layotgan voqealar bu davlatlar uchun katta ahamiyatga ega, — deydi Berdimuhamedov.
Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov TDT sammitining asosiy natijalari yuzasidan fikr almashdi