O‘zbekistonda ovlash taqiqlangan tasqara otib o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi. Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, tasqara O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan o‘troq, mozaik tarqalgan qush turi hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 202-moddasi “j” bandiga ko‘ra, “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosi turlari nobud qilingan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdori (300 ming so‘m)ning to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorida jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi va Ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat “Ekologik patrul” guruhi tomonidan rasmda ko‘rsatilgan holat sodir etilgan manzil va fuqarolarning shaxsini aniqlash yuzasidan hozirda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Mavzuga doir: Bosh prokuratura “Qizil kitob”ga kiritilgan tasqara otib o‘ldirilgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi