Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ijtimoiy tarmoqlarda surxondaryolik 4 yoshli bemor bola tanasida operatsiya payti bint qolib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida yashovchi 2018-yilda tug‘ilgan K.A.ga 2020-yil 12-martda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan o‘ng tomonlama chov yorg‘oq churrasi tashxisi qo‘yilgan. Shundan so‘ng bemor mazkur muassasada malakali jarroh A.O. tomonidan muvaffaqiyatli operatsiya qilingan.

Amaliyotdan so‘ng K.A.da jarohatlar asoratsiz bitgan va operatsiyadan 5 kun o‘tib, uyiga ruxsat berilgan. Videolavhadagi bemor tanasida operatsiya chog‘ida bint qolib ketgani to‘g‘risidagi vajlar esa haqiqatga zid. Qolaversa, o‘sha vaqtda bolaning ota-onasi tomonidan tibbiyot muassasasiga jarrohlik amaliyoti yuzasidan hech qanday e’tiroz bo‘lmagan.

“Yuqorida aytganimizdek, avval bajarilgan operatsiya bolaning chap chov sohasida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va amaliyotdan so‘ng asoratlar kuzatilmagan. Biroq vaqt o‘tishi bilan bemorning boshqa nuqtasi, ya’ni o‘ng tomonlama chov yorg‘oq churrasida xastalik yuzaga kelgan. Videolavhada xuddi shu manzara tasvirlangan”, — deya izoh bergan vazirlik xabarida.

Shu sababli bola 2022-yil yana jarrohlik amaliyotiga muhtojligi tufayli 25-oktabr kuni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga davolanish uchun yotqizilgan. Yakuniy tibbiy tekshiruvlardan so‘ng u 27-oktabr kuni onasining iltimosiga ko‘ra, avvalgi jarrohlik amaliyotini bajargan malakali shifokor A.O. tomonidan operatsiya qilingan.

Ayni paytda bolaning ahvoli yaxshiligi va u shifokorlar nazorati ostida tibbiy muolajalarni davom ettirayotgani qayd etilgan.

“Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, tibbiyot xodimlarining sha’ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro‘siga putur yetkazish maqsadida bunday yolg‘on va noxolis ma’lumotlarni e’lon qilish nafaqat qonun talablari, balki axborot yetkazish etikasiga ham to‘g‘ri kelmaydi. Shu sababli vazirlik mazkur asossiz xabarni tarqatish holati yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Samarqandda o‘quvchining onasi “zamdirektor”ni kaltakladi
Mahalliy
O‘zbekistonda nogironligi bor insonlar uchun sharoit qanday? — “Daryo”da kichik so‘rovnoma
Sport
O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi futbolchilariga Cobalt avtomobillari topshirildi