Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Hindistonning Acharya International University of Uzbekistan universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qorako‘l tumanida Acharya International University of Uzbekistan universitetini tashkil etish bo‘yicha viloyat hokimligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Hindistonning Acharya institutlar tarmog‘i o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Ushbu shartnomani imzolashda vazir o‘rinbosari J.Egamberdiyev hamda Acharya institutlar tarmog‘i ijrochi direktori Shalini Reddy ishtirok etdi. Universitet tashkil qilingandan so‘ng birinchi yil 1400 nafar talaba qabul qilinib, IT yo‘nalishida Hindistonning malakali professor o‘qituvchilari tomonidan o‘qitilishi boshlanadi.
Shuningdek, talabalarga zamon talablariga javob beradigan qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida kompyuter texnikalari bilan jihozlangan o‘quv va laboratoriya xonalari, eng so‘nggi axborot resurslari bilan boyitilgan kutubxonalar bilan bir qatorda shinam yotoqxonalar, sport maydonlari, suzish havzalari ham barpo etiladi.
Acharya institutlar tarmog‘i bilan hamkorlikda dunyoning ilg‘or kompaniyalarini jalb qilgan holda talabalarni ish bilan ta’minlash, dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Universitetning maqsadi mamlakatda axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan Hindiston–O‘zbekiston biznes-forumi doirasida AKT vazirligi hamkorligida Acharya instituti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Izoh (0)