Stokgolmda Shvetsiya Davlat banki tomonidan ta’sis etilgan iqtisodiyot bo‘yicha Alfred Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi. 2022-yilda mukofot amerikalik iqtisodchilar Ben Bernanke, Duglas Daymond va Filip Dyubvigga “moliyaviy inqirozlar va bank ishi bo‘yicha tadqiqotlari uchun” berildi.
2021-yilda iqtisodiyot bo‘yicha mukofot amerikalik iqtisodchilar Devid Kard, Joshua Angrist va Xido Imbensga nasib qilgan edi. Mukofot pulining yarmi Kardga, qolgan yarmi Angrist va Imbensga berilgan. Angrist va Imbens “sabab-oqibat munosabatlarini tahlil qilishga qo‘shgan uslubiy”, Kard esa “mehnat iqtisodiyotiga qo‘shgan amaliy” hissasi uchun mukofot bilan taqdirlangan.
Iqtisodiyot bo‘yicha g‘oliblarning e’lon qilinishi Nobel haftaligini yakunladi. Mukofotlar 10-dekabr, Alfred Nobel vafot etgan kuni topshiriladi. Odatda laureatlar mukofotlarni Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav ishtirokidagi tantanali marosimda shaxsan qabul qilib oladi. Biroq 2020 va 2021-yillarda koronavirus pandemiyasi tufayli marosimlar video formatda o‘tkazilgan.